Kurash: “World Seriyes Pro” turnirining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi

So‘nggi ikki yillikning eng muhim va nufuzli musobaqalaridan biriga aylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazib kelinayotgan “World Seriyes Pro” turnirining bu galgi bahslari har jihatdan qiziqarli kechdi.
Xalqaro turnirning rasmiy ochilish marosimida ishtirok etgan Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi vitse-prezidentlari, Afrika kurash ittifoqi prezidenti Tomas Dunker, Yevropa kurash konfederatsiyasi prezidenti Mirabe Iliades, IKA bosh kotibi Muhammad Reza Nassiriylar final bellashuvlari ishtirokchilariga omad tiladi. Turnir qamrovi va geografiyasi ortib borayotgani e’tirof etildi.
O‘zbek milliy kuy qo‘shiqlari, jozibali raqslar ketma ketligidan iborat musobaqaning badiiy qismi tomoshabinlarga o‘ziga xos bayram kayfiyatini taqdim etdi. Shundan so‘ng musobaqaning eng hayajonli lahzalari boshlandi.
Poytaxtimizdagi «Universal sport saroyi”da kechgan final bosqich bellashuvlarida ishtirok etish uchun sayyoramizning barcha qit’alaridan mahoratli kurashchilar o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
G‘oliblik esa eng kuchlilarning kuchlilariga, bir so‘z bilan aytganda, milliy sportimiz kurashning haqiqiy professionallariga nasib etadi.

Joriy yilda “World Seriyes Pro” turniri 10 ta vazn toifasida tashkil etildi. 4 ta qit’ada tashkil etilgan qit’aviy chempionatlar, xalqaro turnirlarda o‘z vazn toifalarida eng kuchli reyting ballarini qo‘lga kiritgan 80 nafar kurashchi final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Yilning eng so‘nggi va eng nufuzli turnirida ishtirok etish uchun kurash vatani O‘zbekistonga kelgan nomdor polvonlar safida jahon va qit’a chempionlari, qit’aviy o‘yinlar g‘oliblari va xalqaro turnirlar sovrindorlari borligi bahslarning shiddatli kechishini ta’minladi.
Kurash muxlislari bilan to‘lgan Toshkent shahridagi muhtasham «Universal sport majmuasi”dagi bahslarda kutilmagan natijalar qayd etildi. Eng tajribali kurashchilar orasidan birinchi bosqichdanoq musobaqa bilan xayrlashganlar ham bo‘ldi.
Aytish lozim, “World Seriyes Pro” xalqaro turniri nafaqat kurashchilar o‘rtasidagi bellashuvlar, balki do‘stlik, mardlik va jasorat bayrami ko‘rinishini oldi.
Yarim final va final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan kurashchilar ishtirokidagi bahslar kurash muxlislarini hayajonga soldi.

-66 kg. vazn toifasida amaldagi Osiyo chempioni, dunyo ko‘chmanchilar o‘yinlari g‘olibi Otabek Hasanov finalda eronlik Majid Vahid Barimanlou bilan duch keldi.
Qayd etish lozimki, ikki kurashchi joriy yil Eronning Tehron shahrida o‘tgan kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionati finalida ham kuch sinashgan edi. Tehronda bo‘lgani singari Toshkentda ham Otabek Hasanov raqibini mag‘lub etib, g‘oliblikka erishdi.
Yana bir qiziqarli final bahsi -73 kg. vazn toifasida ikki jahon chempionlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Qozog‘istonlik amaldagi jahon chempioni Maulenin Abilkaiyr 2022 yil Punada jahon chempioni bo‘lgan Pakdel Elyasning mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Dramatik tarzda kechgan bellashuv Maulenin Abilkaiyr foydasiga hal bo‘ldi.
Bundan tashqari ayollar o‘rtasidagi bellashuvlar ham qiziqarli bahslarga boy o‘tdi.
Turnirning markaziy uchrashuvlaridan biri amaldagi jahon va qit’a chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Hilola Ortiqboyeva va eronlik Salimighalehtaki Arezou o‘rtasida bo‘ldi.

Tajribali kurashchi Hilola Ortiqboyeva raqibini bir chala va bir yonbosh bahosi bilan taslim etdi va turnir g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Yana bir hayajonli final bahsi Xitoy taypeyilik Lee Van-Ting va Komila Qahhorova o‘rtasida o‘tkazildi.
Lee Van-Ting amaldagi Osiyo chempioni hisoblanadi. O‘tgan yili jahon chempionati va “World Seriyes Pro” 2023da sovrindor bo‘lgan edi.
So‘nggi soniyalargacha nafaqat muxlislarni, balki hakamlarni ham hayajonga solgan final uchrashuvi Xitoy taypeyilik kurashchining foydasiga hal bo‘ldi. Lee Van-Ting joriy yilda turnirning oltin medali bilan o‘z vataniga qaytadigan bo‘ldi.
Shuningdek, erkaklar o‘rtasida +100 kg. vazn toifasida ham azaliy raqiblar to‘qnash keldi.

Jahon va qit’a chempioni, Osiyo o‘yinlari va qator xalqaro turnirlar g‘olibi Muhsin Hisomiddinov tojikistonlik Shakarmamad Mirmamadovning mahoratini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.
Uchrashuvning boshlanishi bilan jarohat olgan Muhsin polvon qiyin kechgan bahsni yakunda o‘z foydasiga hal etdi. U o‘z sovrinlari qatoriga “World Seriyes Pro” turniri 2 karra g‘olibi degan sharafli nomni qo‘shib qo‘ydi.
Turnir nizomiga ko‘ra oltin medal sohiblari 10 ming AQSH dollari, kumush medal sohiblari 5 ming AQSH dollari va bronza medali sovrindorlari 1 ming AQSH dollari bilan taqdirlandi.
E’tiborli jihati, mazkur kurash turniri milliy sportimiz xalqaro sport maydonida o‘z jozibasi, insonparvarlik tamoyillari tufayli keng rivojlanayotganini yana bir karra isbotladi. Bu esa qadriyatlarimiz, ota-bobolarimizdan meros an’analar jahon sportining durdonasi sifatida qadr topayotganidan dalolat, deyish mumkin.
T.Ro‘ziyev, O‘zA