Xitoy Kommunistik partiyasi Xux-Xoto shahrining iqtisodiy va texnologik rivojlanish zonasi ishchi qo‘mitasining sobiq kotibi Li Szyanpin korrupsiya jinoyatlari uchun qatl etildi, deb xabar bermoqda Xitoy markaziy televideniyesi.
– Oliy xalq sudi qaroriga asosan, 2024 yil 17 dekabr kuni ertalab Ichki Mo‘g‘uliston avtonom viloyati Xingan okrugi oraliq xalq sudi Li Szyanpinni qonunga muvofiq qatl qildi, — deyiladi xabarda.
Biroz avvalroq, tergov Li Szyanpin turli lavozimlik paytida 1,43 milliard yuandan (200 million dollar atrofida) ortiq davlat mablag‘larini o‘zlashtirganini aniqlagan edi.
Bundan tashqari, u boshqalardan 577 million yuan (80 million dollardan ortiq) miqdoridagi moliyaviy va moddiy boyliklarni olgan va 1,05 milliard yuandan (146 million dollardan ortiq) ortiq davlat mablag‘larini noqonuniy ishlatgan.
2022 yilda Xitoy sudi Li Szyanpinni o‘limga hukm qilgandi, biroq u o‘shanda apellyatsiya shikoyatini yozdi. Nihoyat, 2024 yil avgust oyida ikkinchi instansiya natijalariga ko‘ra, o‘lim hukmi o‘z kuchida qoldi.
Qayd etilishicha, Li Szyanpin qatl qilinishidan oldin yaqin qarindoshlari bilan uchrashgan.
Xitoy rahbari Si Szinpin avvalroq korrupsiya kelajakka tahdid soladigan asosiy xavfli o‘sma ekanligini aytgan edi. Xitoy rahbari ta’kidlaganidek, korrupsiya uchun zamin va shart-sharoit mavjud ekan, unga qarshi kurash bir daqiqa ham to‘xtab qolishi mumkin emas.
G.Sattorova, O‘zA