NASA sayti xabariga ko‘ra, Oyda Marsga uchish uchun baza yaratiladi va shundan keyingina Marsga yo‘l haqida gapirish mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, agentlik sayyoraviy kosmik dasturlarga bo‘lgan munosabatni qayta ko‘rib chiqishga chaqirib, davlat mablag‘laridan voz kechish va xususiy investorlarni jalb qilish zarurligini ta’kidlaydi.

“2024-2044 yillarga mo‘ljallangan Marsni tadqiq qilish dasturi” deb nomlangan hujjat NASA ilmiy missiyasi boshqarmasi tomonidan tayyorlangan. Tashkilot shuningdek, endi qizil sayyorani tadqiq qilishda yolg‘iz emasligini tan oladi. Olimlarning fikricha, endilikda boshqa mamlakatlar ham Marsni chuqurroq o‘rganish borasida harakatga kirishgan.

NASA Marsni tadqiq qilish dasturi direktori Erik Yanson hisobotida ta’kidlaganidek, “Marsni tadqiq qilish uchun yangi va ijodiy yechimlarni izlash” zarur. Bunga muvaffaqiyatli yangi texnologiyalarni joriy qilish va sayyorani tadqiq qilishda salohiyatli kadrlarni tayyorlash orqali erishish mumkin.

G.Sattorova, O‘zA