Og‘ir atletika: jahon chempionatida umumjamoada O‘zbekiston kuchlilar qatorida

Bahrayn poytaxti Manama shahrida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘z nihoyasiga yetdi.
Murosasiz va shiddatli kechgan dunyo birinchiligi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta oltin, 1 ta kumush hamda 2 ta bronza, jami 6 ta medalga ega chiqqan holda 70 ga yaqin mamlakatlarning milliy terma jamoalari orasida umumjamoa hisobida Qozog‘iston terma jamoasi bilan birgalikda kuchli uchlikdan joy egalladi.
Aytish lozim, Manamadagi jahon chempionatida -89 kilogrammda Sarvarbek Zafarjonov dast ko‘tarishda bronza medal, -81 kilogrammda Muhammadqodir Toshtemirov dast ko‘tarishda bronza va ikki kurashda kumush, -109 kilogrammda Ruslan Nuriddinov siltab ko‘tarish va ikki kurashda, Sharofiddin Amriddinov dast ko‘tarishda oltin medallarga sazovor bo‘ldi.
Medallar jamg‘arish borasida 1-o‘rinni Shimoliy Koreya, 2-o‘rinni Xitoy terma jamoasi band etdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA