Vengriyaning Budapesht shahrida qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha yoshlar toifasida qizlar o‘rtasida jahon kubogining yakkalik bahslari bo‘lib o‘tdi.
Jahon kubogining ushbu bosqichida Fransiya, Ispaniya, Bolgariya, Vengriya, Hongkong, Xitoy, AQSH, Ruminiya, Turkiya, Polsha, O‘zbekiston, Gruziya va boshqa davlatlardan 200 dan ortiq sportchilar g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Ushbu bahslarda O‘zbekiston Milliy terma jamoasi Ayakoz Jumamuratova, Gulistan Perdiboyeva, Samira Shokirova va Errera Lara Luisa Fernanda kabi qilichbozlar bilan ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, termamiz a’zosi Gulistan Perdiboyeva chorak finalda xitoylik sportchini 15:11, yarim finalda esa Gruziya sportchisini 15:9 hisobida mag‘lub etgandi.
Biroq u final bahsida xitoylik sportchiga mag‘lub bo‘ldi va jahon kubogining kumush medalini qo‘lga kiritdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA