O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti tomonidan yoshlar ishtirokida partiyaning “Yosh ekologlar” qanotini ta’sis etish, Kengash a’zolari, Kengash raislarini saylash masalasiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda shahar va tuman partiya tashkiloti Kengashi raislari, Yoshlar parlamenti, shahar va tuman “Yoshlar qanoti” a’zolari, oliy ta’lim muassasalarining ekologiya yo‘nalishi bo‘yicha professor-o‘qituvchilari va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
ZOOM platformasi orqali onlayn ishtirok etgan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi mas’ul xodimlari tomonidan “Yosh ekologlar” qanotini ta’sis etishdan maqsad, partiyaning maqsad va vazifalarini amalga oshirishda yoshlarni keng jalb qilish, o‘sib kelayotgan yosh avlod orasida ekologik madaniyatni keng targ‘ib qilish orqali ekologik barqarorlikka erishish zarurligi ta’kidlandi.
So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda ekologik islohotlar, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar hamda “Yosh ekologlar” qanotining maqsad va vazifalari, mas’uliyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Konferensiyada yoshlarning tashabbusi hamda qo‘llab-quvvatlashi bilan “Yosh ekologlar” qanoti ta’sis etildi. Shuningdek, uning a’zolari va raisi saylandi.
Konferensiya yakunida dekabr oyining uchinchi o‘n kunligida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi tomonidan respublika “Yosh ekologlar” qanoti konferensiyasini o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi va kun tartibidagi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA