Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda

Fan olimpiadasi g‘oliblari taqdirlandi
Nukus shahridagi Temurbeklar maktabida 9-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan asosiy fan olimpiadasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri G.Kojabayeva ishtirok etib, fan olimpiadasida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarni tabrikladi. Tashkilotchilar tomonidan g‘olib o‘quvchilar diplom hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Jumladan, birinchi o‘rinni egallagan o‘quvchilarga 2 million 250 ming so‘m, ikkinchi o‘rin uchun 1 million 500 ming so‘m, uchinchi o‘rin uchun 1 million 125 ming so‘mdan mukofot puli topshirildi.
Kuzgi sanoq o‘tkazildi
“Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘i, “Sudoche-Akpetki” davlat buyurtma qo‘riqxonasi, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining ekologiya fakulteti bilan birgalikda mavjud hayvonlarning kuzgi sanog‘i o‘tkazildi.

O‘rganishlar Sariqamish ko‘li, Qoychak, Quruqko‘l, Qoplonqir, Qozoqli, Qulontaqir va Shaxpaxta yo‘nalishlari bo‘yicha olib borildi. Tadbir davomida 58 ta Ustyurt qo‘yi, 541 ta jayron, 9 ta yovvoyi cho‘chqa, 69 ta turkman quloni, 3 ta tulki, 11 ta bo‘ri to‘dasining izlari hamda qushlardan 5 ta cho‘l burguti, 1 ming 251 ta olmabosh o‘rdak, 900 ta qashqaldoq, 1 ta boyo‘g‘li turi aniqlandi.
Firibgarlik holati fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri bo‘limi va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi.

Fuqaro D.J. (muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan) fuqaro A.S.ni go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Nukus shahridagi tug‘ruqxonaga 3 ming 100 dollar evaziga ishga kiritib qo‘yishini va’da qilib, oldindan 1 ming 600 dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri