“Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan, qishloq xo‘jaligi texnikalari yetkazib berishda amaldagi qonunchilikka muvofiq qo‘llaniladigan imtiyozlar (subsidiya, soliq va bojxona imtiyozlari va moliyaviy yordamlar) faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar va dilerlar orqali muomalaga chiqariladigan qishloq xo‘jaligi texnikalariga nisbatan tatbiq etiladi.

2027 yil 1 yanvargacha quyidagilar bojxona bojidan va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi:

— belgilangan talablarga javob beradigan paxta terish kombaynlari, o‘ziyurar ozuqa yig‘uvchi va bog‘dorchilik kombaynlari, ko‘chat ko‘mish va ochish texnikalari;

— mahalliy ishlab chiqaruvchilar va dilerlik xizmati tomonidan xorijdan olib kelinadigan yangi paxta terish kombaynlari, o‘ziyurar ozuqa yig‘uvchi va bog‘dorchilik kombaynlari, ko‘chat ko‘mish va ochish texnikalari.

2025 yil 1 martdan imtiyozlardan foydalangan holda xarid qilingan, shu jumladan, respublikada ishlab chiqarilgan va import qilingan yangi traktorlar va kombaynlarni ularga GPS qurilmasini o‘rnatmagan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.

2028 yil 1 yanvardan asosiy paxta va g‘alla hosili uchun paxta chigiti va bug‘doyni ekishda aniq donalab ekmaydigan seyalkalardan foydalanish taqiqlanadi.

Qarorga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi texnikalariga xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlarning buyurtmasi (talabi) bo‘yicha aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari yo‘llanmasiga asosan ishsiz yoshlarni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalariga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassis sifatida va ushbu texnikalarni boshqaruvchi operatorlikka (traktorchi-mashinist) o‘qitish va qayta tayyorlash xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

2025 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvargacha qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlash, agrotexnik xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan, ekin maydonlarini lazerli yer tekislagich yordamida tekislash, g‘o‘zani chilpish (chekanka) va defoliatsiyalash xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga (bundan klasterlar mustasno) yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.

Qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar tomonidan o‘z ehtiyoji uchun o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan qishloq xo‘jaligi texnikalarining butlovchi va ehtiyot qismlari 2028 yil 1 yanvargacha bojxona bojidan ozod qilinadi.

O‘zA