O‘zbekiston sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddi rahbarlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi sport ta’lim muassasalarini ko‘zdan kechirdi.
Dastlabki manzil Nukus Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi bo‘ldi. Tashrif chog‘ida mutasaddi rahbarlar muassasa faoliyati va uning moddiy-texnik bazasini o‘rgandi. U yerda ta’lim olayotgan yosh o‘quvchilar bilan uchrashib, dars jarayonlari, ularning rejalari borasida suhbatlashildi.
Qayd etish joizki, qoraqalpoq zamini dzyudo, sport kurashlari, qilichbozlik, og‘ir atletika kabi yo‘nalishlarda asosiy terma jamoaga kuchli atletlarni yetishtirib bergan. Shu bois, mazkur sport turlariga ixtisoslashgan Xo‘jayli tuman sport maktabi, Nukus oliy sport hamda yakkakurash turlariga ixtisoslashgan sport maktablari ham ko‘zdan kechirildi.
O‘rganishlardan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev, Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov va soha mutasaddilari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda hududiy federatsiyalarning ish faoliyatini kuchaytirish, jamoaviy sport turlariga ham e’tibor qaratish, yangi Olimpiya siklida terma jamoa tarkibiga nomzod sportchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kabi mavzularda maslahat berildi va bu borada mahalliy mutaxassislarning taklif va tavsiyalari tinglandi.
MOQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Sport vazirligi hamda MOQ rahbariyati tomonidan olib borilayotgan o‘rganish ishlari Xorazm viloyatida davom etdi. Rasmiylarga bu jarayonda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Murodjon Achilov hamrohlik qildi.
Xorazm safari Gurlan tumanidagi sport maktabini o‘rganish bilan boshlandi. Shundan so‘ng Yangibozor tumanidagi kurash mahorati maktabi, Urganchdagi «Yoshlik» sport majmuasi ham ko‘zdan kechirildi. Bunda har bir hududda bo‘lgani kabi mazkur muassasalarning faoliyati, o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar batafsil ko‘rib chiqildi. Shuningdek, Urganch Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi faoliyati o‘rganildi. O‘rganish ishlari davomida markazning holati, qish mavsumiga tayyorgarlik darajasi, tibbiyot bo‘limi va mashg‘ulotlar jadvali bilan batafsil tanishildi.
Safar yakunida viloyat hokimligi, sport boshqarmasi mutasaddilari, federatsiyalarning hududiy vakillari bilan yaqin va o‘rta davr uchun rejalar, “Los-Anjeles-2028” yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayoni, unda ahamiyat qaratish lozim bo‘lgan jihatlar borasida uchrashuv o‘tkazildi. Suhbat davomida mutaxassislarning takliflari o‘rganilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA