Joriy yilning 28 noyabridan 11 dekabriga qadar Tailandda boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkazildi va unda O‘zbekiston terma jamoasi 11 ta oltin, 6 ta kumush, 3 ta bronza, jami 20 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida medal jamg‘arishda birinchi bo‘ldi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida ushbu yuksak g‘alabalarga erishgan sportchilarimizni vazirlik va idoralar, sport jamoatchiligi vakillari, ota-onalar va muxlislar munosib kutib oldi.

Chempionatda 21 davlatdan kelgan 210 nafar bokschi g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashdi. Unda erkaklar 13, ayollar esa 12 vaznda Osiyo chempionligi uchun ringga ko‘tarildi.

Musobaqaning erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarida terma jamoamiz tarkibida Shodiyorjon Meliqo‘ziyev, Asilbek Jalilov, Mirazizbek Mirzaxalilov Mujibillo Tursunov, Havasbek Asadullayev, Adhamjon Muhiddinov, Javohir Ummataliyev va To‘rabek Habibullayev kabi bokschilarimiz shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

O‘z vazn toifalarida finalga qadar o‘tkazilgan bellashuvlarda g‘alaba qozongan Shahzod Muzaffarov va Jasurbek Yo‘ldoshev Osiyo chempionati kumush medaliga sazovor bo‘ldi. Musobaqada og‘ir vaznli bokschimiz Jahongir Zokirov bronza medaliga ega chiqdi.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 8 oltin, 2 kumush va 1 bronza, jami 11 medalga ega chiqib, o‘zbek boksi dunyoda va qit’amizda hamon yetakchi ekanini isbotladi.

Chiangmay shahrida tashkil etilgan qit’a birinchiligining ayollar yo‘nalishida Farzona Fozilova, Feruza Kazakova hamda Navbahor Hamidova o‘z vaznlarida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Finalga qadar o‘tgan janglarda zafar quchgan Aziza Yoqubova, Nigina O‘ktamova, Aziza Zokirova, Oltinoy Sotimboyeva kumush medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, chempionatda Sabina Boboqulova va Sohiba Ro‘zmetova kabi charm qo‘lqop ustalarimiz bronza medali sohibi bo‘ldi.

Ha, mamlakatimizda yaratilgan keng imkoniyatlardan unumli foydalangan holda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, jahon uzra O‘zbekistondek qudratli yurtning munosib farzandlari ekanini isbotlashga ahd qilgan, har tomonlama yetuk avlod voyaga yetmoqda. Ular erishayotgan yutuqlar barchamizga faxr-iftixor bag‘ishlayotir.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA