Bugun Gruziyada saylovchilar kollegiyasi ishtirokida prezidentlik saylovlari boshlandi. Mamlakat tarixida birinchi marta davlat rahbarini xalq emas, balki parlament binosida saylovchilar kollegiyasi saylaydi. Yangi prezident 300 nafar parlamentar va turli darajadagi deputatlardan iborat hay’at tomonidan saylanadi.

Ma’lumki, yaqinda Gruziyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tgan edi. Unda deputatlik o‘rinlarining katta qismi hukmron “Gruziya orzusi” partiyasiga tegishli bo‘ldi. Shu bois,  partiya300 kishidan 211 delegatga ega.

Saylov jarayoni parlament sayti va ijtimoiy tarmoqlarda jonli efirda namoyish etilib boriladi. Saylov kun yarmida nihoyasiga yetadi. Shundan so‘ng Gruziya Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilish o‘tkazib, ovoz berish natijalarini yakunlaydi va hay’at natijalarini e’lon qiladi.

Bu galgi saylovda prezidentlikka yagona da’vogar sobiq futbolchi, hozirda deputat Mixail Kavelashvili bo‘lib turibdi. Uning nomzodi  hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi tomonidan ilgari surilgan.

Ta’kidlash joizki, Gruziyada yangi prezidentni saylash uchun ovoz berish jarayoni muxolifatchilarning parlament binosi oldida o‘tkazayotgan  norozilik chiqishlari sharoitida o‘tmoqda.

Amaldagi prezident Salome Zurabishvili ham muxolifatchilar tarafida bo‘lib,  biroz avvalroq prezidentlik lavozimini tark etmasligini aytgan edi. Zurabishvili noyabr oyida mamlakatda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalarini tan olmasligini  ta’kidlab keladi. Shuningdek, u o‘zini hokimiyatning yagona qonuniy vakili deb hisoblab, prezidentlik saylovi jarayoniga “bema’nilik” deya ta’rif bergan.

Bunga javoban, Bosh vazir Irakliy Kobaxidze Zurabishvilining “ruhiy holatini” tushunishini, biroq  29 dekabr inauguratsiya kuni u o‘z qarorgohini tark etishi va binoni qonuniy saylangan prezidentga topshirishi kerakligini aytgan.

S.Rahimov, O‘zA