O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 dekabr kuni yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish hamda navbatdagilarini qurishga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.
Bular mamlakatimizda energetika tizimi barqarorligini oshirish bo‘yicha qilinayotgan keng ko‘lamli ishlarning davomidir. O‘tgan yili dekabrda 5 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgan edi. Davlatimiz rahbarining hududlarga tashriflarida ham ko‘plab loyihalarga asos solinmoqda.
Bu galgi marosimda umumiy qiymati 7 milliard dollardan ziyod 24 ta loyiha tayyorlangan. Xususan, Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida qariyb 2,3 ming megavatt quvvatga ega 5 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda 5 ta yuqori kuchlanishli podstansiya qurib bitkazilgan. O‘zbekistonda ilk bor Andijon va Farg‘onada 300 megavattli energiya saqlash tizimi barpo etilgan. Qashqadaryoda 400 megavattli elektr stansiyasi, Toshkent shahrida zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 4 ta kichik GES shay holatga keltirilgan.
Shuningdek, Farg‘ona, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida 2,5 ming megavattli 6 ta elektr inshooti qurilish arafasida.
Ushbu yangi loyihalar orqali kelgusi yillarda qo‘shimcha 9,5 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarilib, 2,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi, 4,6 million tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.
Eng muhimi, 4 milliondan ziyod xonadon uzluksiz toza energiya bilan ta’minlanadi. Bu iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham 4 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratishga turtki beradi.
Umuman, yurtimizda kelgusi yili jami 84 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu 2016 yilga nisbatan 25 milliard kilovatt soat yoki 1,5 barobar ko‘pdir.
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, bu loyihalarning barchasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga qurilayotganini alohida ta’kidladi. Shu munosabat bilan, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Xitoy va Germaniya kompaniyalariga, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon bankiga hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Mamlakatimizda xususiy sektorga keng yo‘l ochilgani natijasida oxirgi 5 yilda energetika sohasiga qariyb 20 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kirib kelgan. Avval to‘liq davlat tasarrufida bo‘lgan bu tizimda 24 ta mustaqil energiya ishlab chiqaruvchi faoliyat boshlagan.
Jumladan, “yashil energetika” sohasida 3,5 ming megavattli yoki 10 milliard kilovatt soatga teng 16 ta yirik quyosh va shamol elektr quvvatlari ishga tushirildi. Buning natijasida joriy yilda tarmoqda “yashil energiya” ulushi 16 foizdan oshdi.
Ma’lumki, o‘tgan yili mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollarlik tarixiy marrani zabt etdi. 2030 yilga borib, iqtisodiyotimiz hajmini 200 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Bu kelgusi 5 yilda yurtimizda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni hozirgidan 1,5 barobar oshiradi. Qolaversa, Parij bitimi doirasida 2030 yilgacha zararli gazlar emissiyasini 35 foizga kamaytirish mo‘ljallangan.
Shu bois davlatimiz rahbari energetika sohasidagi navbatdagi rejalarga to‘xtalib o‘tdi.
Birinchidan, 2030 yilga qadar yana 19 ming megavatt “yashil quvvat”larni barpo etilib, qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54 foizga yetkaziladi. Xususan, 2025 yilda 3,4 ming megavattli 18 ta quyosh va shamol stansiyasi, 1,8 ming megavattli saqlash tizimlari ishga tushiriladi. Buning natijasida kelgusi yili “yashil energiya” ishlab chiqarish hajmlari 12 milliard kilovatt soatga yetadi.
Shuningdek, kelgusi 2 yilda xususiy tadbirkorlar bilan birga 2 mingdan ortiq kichik va mikro GESlar tashkil qilish bo‘yicha katta dastur amalga oshiriladi.
Ikkinchidan, elektr energiya bozorini erkinlashtirish bo‘yicha navbatdagi qadamlar qo‘yilad. Xususan, kelgusi yil yakuniga qadar raqobatli savdolar orqali elektr energiyasi ulgurji bozori yaratiladi.
Davlat-xususiy sheriklik taqsimlash tarmoqlariga ham joriy qilinib, ularni modernizatsiya qilish uchun 4 milliard dollar investitsiya jalb etiladi. Bu borada Samarqand hududiy elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha ilk loyiha ishlab chiqilib, xalqaro tender e’lon qilindi.
Uchinchidan, “yashil energetika” yo‘nalishida mintaqaviy va xalqaro hamkorlik kengaytiriladi. Bu borada birinchi amaliy qadamlar qo‘yildi – “COP29” doirasida Qozog‘iston, Ozarbayjon va Saudiyalik hamkorlarimiz bilan “yashil energiya”ni Yevropa mintaqasiga eksport qilish bo‘yicha bitim imzolandi.
Markaziy Osiyo elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun bir vaqtning o‘zida quyosh, shamol, suv kabi tabiiy resurslar bo‘yicha katta salohiyatga ega. Bu borada mintaqaviy energiya tizimi barqarorligini ta’minlash maqsadida qo‘shni davlatlar bilan yagona platforma ishga tushiriladi.
To‘rtinchidan, “yashil energetika” boshqa soha va tarmoqlarning rivoji, aholi turmush darajasi yaxshilanishi uchun yangi drayverga aylanmoqda. Xususan, aholi va tadbirkorlar tomonidan 1 ming megavattli quyosh panellari o‘rnatilib, yiliga 1,5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi olinmoqda. Bunday ishlar izchil rag‘batlantirilishi, dual ta’lim asosida mutaxassislar tayyorlanishi aytildi.
– Bugungi tadbir yurtimiz energetika tarixida yangi sahifa ochadi. Bshga tushirilayotgan bu loyihalar orqali nafaqat iqtisodiy o‘sishga erishamiz, balki kelajak avlodlarimiz uchun yashil va barqaror O‘zbekistonning mustaqil poydevorini yaratamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Marosimda Birlashgan Arab Amirliklarining energetika va infratuzilma vaziri Suhayl bina Muhammad al-Mazruiy, Turkiya Respublikasi energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslon Bayraktar, Saudiya Arabistoni Podshohligi energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud ham nutq so‘zladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy dastakni bosib, 18 ta majmuaning faoliyati va 6 ta loyihaning qurilishini boshlab berdi.