Munosabat

Bugun poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari qiymati 3,7 milliard dollarlik 18 ta yangi quvvatlar ishga tushirilayotgani va navbatdagi 6 ta loyiha qurilishiga start berilayotganini energetika sohasidagi tarixiy voqea deb atadi.

Xususan, O‘zbekistonda ilk bor Andijon va Farg‘onada 300 megavattli yirik energiya saqlash tizimi barpo etildi. Bu loyihalardan biri haqida Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani hokimi Sherzod Yo‘ldoshev quyidagi fikrlarni bildirdi.

– Bugun davlatimiz rahbari tomonidan energetika sohasiga doir yirik loyihalarni ishga tushirishga start berildi. Prezidentimiz joriy yilning iyun oyida viloyatimizga tashrifi chog‘ida tumanimizda Xitoy bilan hamkorlikda yirik elektr energiyasini saqlash inshooti qurilishiga start bergan edilar. Qisqa muddatda bunyod etilgan ushbu energetika loyihasi ishga tushdi.

Albatta, bu Xitoy davlati bilan 144 million dollarlik loyiha elektr energiyasini saqlash barobarida o‘zidan 150 megavatt elektr energiya chiqaradi. Tadbirkorlikka ixtisoslashgan tumanimiz uchun ushbu tashabbus ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga keng yo‘l ochadi.

Ta’kidlaganimdek, ushbu loyihani hayotga tatbiq etish ortidan nafaqat tumanimiz, balki qo‘shni hududlar aholisining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi qondiriladi.

Mamlakatimiz energetika sohasida olib borayotgan islohotlaridan aholi va tadbirkorlar mamnun bo‘lmoqda.

Ochig‘ini aytish kerakki, shu vaqtga qadar bizda elektr energiyasini saqlash degan tushuncha bo‘lmagan. Ushbu manbani nafaqat saqlash, balki uni vaqtida yetkazib berishda ham muammolar bo‘lgan. Lekin bu shunday loyihaki, u O‘zbekistonda hozircha birinchilardan. Bu vodiyga asosan rejalashtirilgan elektr energiyasini xuddi ombordek saqlab turadi. Elektrga talab yuqori bo‘lgan paytda iste’molchilarga yetkazib beradigan innovatsion loyiha hisoblandi.

Loyiha uch bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda elektr energiyasini saqlash inshootini qurish, ikkinchi bosqichda 200 megavattli quyosh elektr stansiyasini barpo ko‘zda tutilgan. Yakunda 500-600 ish o‘rni yaratiladi.

Mazkur inshootning hududdagiga yirik stansiyaga ulanayotgani bir qancha tumanlarni elektr bilan barqaror ta’minlash quvvatini beradi.

Elektr energiyasini saqlash inshootining ishga tushirilishi, avvalo, katta yangilik bo‘ldi. Qolaversa, aholi va iste’molchilarga eng tig‘iz paytda elektr energiyasini yetkazib berishda navbatdagi muhim qadamlardan sanaladi.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.

Nosirjon Haydarov olgan surat.