Qatar poytaxti Doha shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan “Qatar Masters-2024” xalqaro turniri yakuniga yetdi.
O‘n olti kun mobaynidagi shiddatli kurashlarga boy bo‘lgan turnirda mamlakatimizning 37 nafar shaxmatchisi “A” va “V” guruhlarida o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazdi.
Kuchlilardan tashkil topgan “A” guruhida dunyoning eng mahoratli sanalgan 138 nafar shaxmatchisi qatorida yurtimizning 15 nafar “aql gimnastikasi” ustalari dona surgan bo‘lsa, “V” guruhida qatnashgan turli davlatlardan Dohaga kelgan 140 nafar shaxmatchi orasida yurtimizning 22 nafar yosh iste’dodi g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Kecha nufuzli turnirning so‘nggi 9-tur o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar nomlari ma’lum bo‘ldi.
“A” guruhidagi bahslarda FIDE bayrog‘i ostida turnirda ishtirok etgan Andrey Yesipenko g‘oliblikka erishdi. U bahslar davomidagi 6 ta turda g‘alabaga erishdi, 3 ta turda durang qayd etib, 7,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Kecha o‘tgan so‘nggi 9-turda musobaqada birinchi raqamda tasniflangan hindistonlik Arjun Erigaisi bilan murosa yo‘lini tanladi.
Yana bir o‘ziga xos holat. Yesipenko turnir davomidagi 9 ta turning hech birida mamlakatimiz shaxmatchilari bilan ro‘baro‘ kelmadi.
Turnirning so‘nggi 3 ta turida ketma-ket g‘alabaga erishgan mahoratli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov 9 ta turning 6 tasida g‘alaba, 2 tasida durang, 1 tasida mag‘lubiyat bilan 7 ochkoga ega bo‘lgan tarzda qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 9-turda Nodirbek Abdusattorov qora donalarda hindistonlik Leon Lyuk Mendonkani dog‘da qoldirdi.
Musobaqada birinchi raqam ostida tasniflangan Arjun Erigaisi oxirgi 3 ta turda 2 ta durang, bitta yutuq qayd etdi. Umumiy holatda 5 ta g‘alaba, 4 ta durangga erishgan hindistonlik shaxmatchi 7 ochko bilan 2-o‘rindan joy oldi.
Mamlakatimiz shaxmatchilaridan Nodirbek Yoqubboyev va Abdumalik Abdusalimov 6 ochko bilan 11 va 16-o‘rinlarni band etdi. Oxirgi tur o‘yinlaridan keyin Ortiq Nigmatov, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminov, Asrorbek Omonov 5,5 ochko bilan musobaqani yakunlagan bo‘lsa, Muhammadali Abdurahmonov va Humoyun Bekmurodov 5, Almas Rahmatullayev, Saidakbar Saidaliyev, Muhammadzohid Suyarov 4,5, Afruza Hamdamova va Bahrom Bahrullayev 4, Nilufar Yoqubboyeva 1,5 ochko jamg‘ardi.
“Qatar Masters-2024” bahslarida 7 ta shaxmatchi 9 ta turning hech birida mag‘lubiyatga uchramagan bo‘lsa, ular orasida hamyurtlarimizdan Abdumalik Abdusalimov borligi e’tiborlidir. Abdusalimov 9 ta turning 3 tasida muvaffaqiyat qozongan bo‘lsa, 6 tasida durangga erishdi.
Xuddi shuningdek, ushbu turnirda yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Afruza Hamdamova 2 marta WGM normasini bajarishga muvaffaq bo‘ldi. Asrorbek Omonov musobaqadagi o‘ziga xos ishtiroki va ko‘rsatkichlari evaziga FIDEning IM norma talablarini bajarib, “xalqaro master” unvonini qo‘lga kiritdi.
“Qatar Masters-2024” turnirining “V” guruhidagi bahslarda 140 nafar shaxmatchilari orasida terma jamoamiz a’zosi Samandar Shermuhammadov munosib natijaga erishdi. U poyoniga yetgan musobaqada 7 ochko jamg‘arib 2-o‘rinni egalladi. 7-turda hamyurtimizdan ustun kelgan liviyalik Yusef A.Alxassadi 8 ochko bilan mazkur guruhda g‘oliblikka erishdi.
Samandar Shermuhammadovning 8-turda oq donalarda xitoylik Mingren Xongni mag‘lub etishi, 9-turda qora donalarda iroqlik Albadri Abd Al Sattar bilan teng kelishi tufayli sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi.
Turnir nizomiga muvofiq, “A” guruhida 1-o‘rinni egallagan Andrey Yesipenko 25 ming AQSH dollariga ega chiqdi. 2-o‘rin sohibi 15 ming, 3-o‘rinni band etgan shaxmatchi 10 ming AQSH dollari bilan taqdirlandi.
Musobaqada 10-o‘ringacha joy olgan ishtirokchilar belgilangan pul mukofotlari sohiblari bo‘ldi.
Dohada shaxmat ishqibozlariga katta hayajon va zavq tortiq etgan o‘yinlarning “ikkinchi jangi” AQSHning Nyu-York shahrida rapid va blits yo‘nalishlarida navbatdagi jahon chempionatida yangi pog‘onada davom etsa ajab emas. Joriy yilning 26-31 dekabr kunlari o‘tadigan mazkur jahon chempionatida dunyoning eng kuchli 300 nafarga yaqin grossmeysterlari qatorida mamlakatimizning oltin avlod vakillari Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov, Jahongir Vohidov, Muhiddin Madaminov va ayollar o‘rtasidagi bahslarda Afruza Hamdamova ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil dekabr oyining so‘nggi kunlarida Polsha poytaxti Varshava shahrida o‘tgan jahon chempionatida Nodirbek Abdusattorov 17 yoshida dunyoning eng kuchli shaxmatchilarini mag‘lub etib, rapid yo‘nalishida jahon chempionligiga erishgandi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA