Maktab binosi foydalanishga topshirildi

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 dekabrdagi “2024 – 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida To‘rtko‘l tumanida bir qancha ijtimoiy ob’ektlar qurilishi amalga oshirildi.

Ikki milliard ikki yuz million so‘m mablag‘ hisobiga “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 63-sonli umumta’lim maktabning yangi binosi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar maktab jamoasi va o‘quvchi yoshlarni zamonaviy bino bilan qutladi.

Hozirda ushbu bilim dargohida 550 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotgan bo‘lib, yangi binoda ular uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

G‘oliblar taqdirlandi  

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishtirokida Nukus shahrida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jamoasi g‘olib bo‘ldi.

Bilimlar bahsida 15 ta jamoa ishtirok etdi. Yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jamoasi birinchi, Ma’muriy sudi jamoasi ikkinchi, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘olib jamoa a’zolari tashkilotchilar va homiylarning qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Noqonuniy ulanish holati fosh etildi  

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tergovga qadar tekshiruvda energiya resurslariga noqonuniy ulanish holati fosh etildi.

Jumladan, “Shabbaz” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi xonadonda yashovchi fuqaro S.Yu. o‘z uyida gaz hisoblagich uskunasidan tashqari gaz tarmog‘iga yashirincha ulanib, jami 129,4 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakati o‘tkazilmoqda.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri