Tanqidiy muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari I.Adhamov rahbarligidagi ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosini o‘rganmoqda.
Xususan, ishchi guruh Qorao‘zak tumanidagi olis hududda yashovchi og‘ir toifadagi oilalar turmush tarzini o‘rganib, “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida xonadon tomorqasiga ko‘chat ekish tadbirlarida ishtirok etdi. O‘rganish davomida aniqlangan holatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasida mas’ul idora vakillari ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi.
Qaror ijrosi ta’minlanmoqda
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 24 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Majburiy ijro byurosi Amudaryo tumani bo‘limi tomonidan “Toshqal’a” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi besh nafar oilaning holidan xabar olindi.
Ularga ko‘mir va birlamchi iste’mol oziq-ovqat mahsulotlari bilan yordam ko‘rsatilib, oila a’zolarini kasbga yo‘naltirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Jumladan, ko‘rsatilgan amaliy yordam natijasida ushbu hududda yashovchi fuqaro Nargiza Abdujamilova Qoraqalpog‘iston Respublikasi xotin-qizlar tadbirkorlik markazining o‘quv kursiga joylashtirilib, “Tikuvchilik asoslari” yo‘nalishi bo‘yicha maxsus sertifikat oldi.
Noqonuniy ulanish holatlari aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov va Taxiatosh tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi.
Jumladan, ushbu tumanlar elektr tarmoqlari korxonalari xodimlari bilan hamkorlikdagi tadbirda fuqarolar A.A. va B.D. o‘zlariga tegishli xonadonlarda payvandlash va boshqa uskunalarni elektr tarmoqlariga hisoblagichdan tashqari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab, jami 353,2 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri