Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan “Biz birgalikda korrupsiyaga qarshimiz” shiori ostida profilaktik uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ochiq muloqot ko‘rinishida bo‘lib o‘tgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi shaxsiy tarkibi, prokuratura, sud organlari, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

“Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida tashkil qilingan mazkur tadbirda so‘zga chiqqanlar bojxona xodimlarining korrupsiya jinoyatiga qo‘l urmasligi, tamagirlik va poraxo‘rlik illatlaridan saqlanishi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirib, korrupsiya illatiga qarshi kurashishga har bir fuqaro, har bir xodim mas’ul ekanligi qayd etildi.

Ta’kidlash joizki, bojxona rasmiylashtiruvi va nazoratida inson omilini kamaytirib, bojxona tizimidagi korrupsion holatlarning oldini olishda tizimning raqamlashtirilganlik darajasi ham muhim ahamiyat kasb etadi. So‘nggi ikki yilda bojxona organlari faoliyatiga 23 ta yangi axborot tizimi, 14 ta yangi elektron xizmat  va 9 ta yangi mobil ilova joriy etilib, sohada korrupsion holatlarini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlarning oldi olindi.

Birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida xodimlar tomonidan salbiy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida umumiy tartibda 98 marotaba, yakka tartibda 108 marotaba profilaktik tarbiyaviy ishlar olib borildi. 2024 yil davomida o‘z xizmat vazifalariga nisbatan sovuqqonlik bilan qarab, muqaddas burchini to‘laqonli bajarmagan xodimlarga nisbatan o‘tkazilgan 13 ta xizmat tekshiruvi natijasida 15 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.

Bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi tizim xodimlarining o‘z xizmat vazifalariga vijdonan yondashib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan xizmat qilishiga hamda bojxona sohasining yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “Korrupsiyadan holi tizimga aylanishi”ga zamin yaratadi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri