Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi raisi P.Aytniyazov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining katta yordamchisi G.Aleo‘ova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining sudya katta yordamchisi N.Nurimbetov va boshqalar so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 32 yil to‘lishi munosabati bilan qutladi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatimizdagi huquqiy tartib, ijtimoiy adolat va davlat mustahkamligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadigan hujjat hisoblanadi. U nafaqat mamlakatning asosiy huquqiy me’yorlarini belgilab beradi, balki inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi muhim mexanizmi sifatida xizmat qiladi.

Konstitutsiyaning qabul qilinishi mamlakatning taraqqiyoti va inson huquqlarini ta’minlash borasidagi qo‘llanilgan aniq chora-tadbirlarning asosi bo‘ldi. Uning qabul qilinishi O‘zbekiston tarixidagi muhim voqea bo‘lib, xalqimizning demokratiya, huquqiy davlat barpo etish yo‘lidagi intilishlarini yanada mustahkamladi.

Shu nuqtai nazardan so‘zga chiqqanlar Konstitutsiyaning mazmun va mohiyatini aholi, shu jumladan, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, uning qoidalarini jamiyatga tanishtirish muhimligini ta’kidlab, unga kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalarga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, mamlakatimizning islohotlar yo‘lidagi qadamlarining samaradorligini oshirish uchun Konstitutsiyaning amaldagi qoidalariga rioya qilish, uning asosiy prinsiplariga amal qilish zarurligini, Bosh qomusimizning davlat organlari, sud hokimiyati va fuqarolik huquqlari bilan bog‘liq bandlariga chuqur e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi.

Tadbirda yoshlar Konstitutsiyaning jamiyat taraqqiyotidagi roli va ahamiyati haqida o‘z fikr va qarashlarini bildirdi. Bu kabi tadbirlar yoshlarning Konstitutsiyaga bo‘lgan hurmatini yanada oshirishga va ularni mamlakatimizning huquqiy jarayonlariga faol jalb qilishga xizmat qiladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri