Bu – qiziq

Yer yuzidagi eng mashhur, sevimli taomlardan biri – pitssaning tarixi, tayyorlanishi va iste’moli haqida qiziqarli ma’lumotlar bor.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur taomning kelib chiqishi qadimgi Gretsiya, Misr va Rimga taqaladi. Antik Rimda “panis focacius” nomi bilan tanilgan, nonning ustiga turli xil masalliq qo‘shib tayyorlangan yegulik bo‘lgan. Zamonaviy pitssa esa XX asr o‘rtalariga kelib Neapolda paydo bo‘lgan.

1889 yil Qirol Umberto I va Malika Margarita di Savoya shu shaharda joylashgan “Pizzeria Brandi” yemakxonasiga tashrif buyuradi. Oshpaz Raffaele Espozito ularga maxsus pitssa tayyorlab beradi. Taom pomidor, mozzarella pishlog‘i va bazilika bilan bezatilgan edi. Keyinchalik aynan shu taom Italiya qirolichasi sharafiga “Margarita” nomi bilan butun dunyoga tarqaladi.

Ushbu taom asoschisi sifatida tanilgan Raffaele pitssa tayyorlash san’atini rivojlantirib, xalq orasida mashhur qilgan. Darvoqe, aynan “Margarita” bugungi kunda ham jahondagi eng ommaviy mumtoz pitssa turlaridan biridir.

Bugungi kunda ushbu yegulikni butun dunyo bo‘ylab sevib iste’mol qilishadi. Masalan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida Chikagocha “chuqur” va Nyu-York uslubidagi “ingichka qirrali” pitssa mavjud. Okean orti yurtida har yili 3 milliarddan ko‘p pitssa paqqos tushiriladi. Bu o‘rtacha hisoblaganda har bir amerikalik yiliga taxminan 46 ta pitssa yeydi, degani.

Tabiiyki, pitssa Yevropada juda keng tarqalgan. Italiya ushbu taom vatani sifatida pitssa tayyorlashning barcha an’anaviy uslublarini saqlab qolgan. 2012 yil aynan Apennin yarim orolida pishirilgan eng ulkan pitssa – “Ottavia”ning hajmi 1261 kvadrat metr edi. Germaniya, Fransiya va Ispaniyada ham mazkur yengil taomning o‘ziga xos turlari uchraydi.

Osiyo mamlakatlari taomnomalaridan ham pitssa munosib o‘rin egallagan: Xitoyda mahalliy masalliqlar qo‘shilgan turlari, Yaponiyada esa noyob “sushi pitssa” kabi.

Pitssa tayyorlashda odatda pomidor aralashmasi, mozzarella pishlog‘i, turli xil go‘sht (pepperoni, kolbasa) va sabzavot (zaytun, piyoz) ishlatiladi.

Dunyo ahli har yili 9 fevralni “Pitssa kuni” sifatida nishonlaydi. Xullas, Italiyaning milliy taomi – pitssa endilikda butun dunyoda tanovul qilinadigan taomga aylangan.

Musulmon Ziyo, O‘zA