Bugun, 6 dekabr kuni Qatar poytaxti Doha shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Qatar Masters-2024” turnirining 4-turida hamyurtlarimizdan Nodirbek Abdusattorov qora donalarda polshalik Oliviya Kiolbasya bilan, Shamsiddin Vohidov oq donalarda mo‘g‘ulistonlik Saxar Gan-Erdene bilan, Nodirbek Yoqubboyev oq donalarda hindistonlik Gutam Krishna bilan kuch sinashadi.

Bugungi turda biz uchun e’tiborli bahslar Afruza Hamdamova – Saidakbar Saidaliyev va eronlik Parxam Magsudlu – Muhiddin Madaminov o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, Abdumalik Abdusalimov – Salex Salim(BAA), Olmos Rahmatullayev – Suya Shexar(Hindiston), Manuel Petrosyan(Armaniston) – Bahrom Bahrullayev, Ortiq Nigmatov – Nguyen Ngok o‘rtasidagi o‘yinlari ham o‘zbekistonlik shaxmat ishqibozlari e’tiboridagi bahslar sirasiga kiradi.

Turnirda ikkinchi raqam ostida tasniflangan Nodirbek Abdusattorov kecha o‘tgan 3-tur uchrashuvida ilk g‘alabasiga erishdi. Avvaliga mag‘lubiyat, keyin durang qayd etgan grossmeysterimiz 3-turda oq donalarda Indoneziya vakili Alisya Slivikani mag‘lubiyatga uchratdi.

Birinchi turda imkoniyatni boy bergan Nodirbek Yoqubboyev ketma-ket ikkinchi g‘alabasini tantana qildi. U qora donalarda eronlik Artin Ashrafdan ustun keldi.

Shamsiddin Vohidov 3-turda qora donalarda hindistonlik Aditya Dhingra bilan durang qayd etdi. Yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Afruza Hamdamova bir g‘alaba va durangdan keyin 3-turda mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi. U qozog‘istonlik Murtaz Kajgaleyevga yutqazib qo‘ydi.

Turnirning birinchi tartib raqamli shaxmatchisi hindistonlik Arjun Ergaisi 1-turda hamyurtimiz Muhammadali Abdurahmonovni yenggandi. Kecha u yana bir yosh shaxmatchimiz Saidakbar Saidaliyevdan ustun keldi.

Poytaxtimizda o‘tgan “Prezident kubogi-2024” g‘olibi bo‘lgan hindistonlik Nihal Sarin 3-turda hamyurti Sankapl Gupta bilan murosaga keldi va ilk bor ochko yo‘qotdi.

Uchinchi turdan so‘ng ochko yo‘qotmagan 4 nafar shaxmatchi bugun 4-turda o‘zaro ro‘baro‘ keladi. O‘n to‘rt nafar shaxmatchi hisobida 2,5 ochko mavjud bo‘lib, ular orasida hamyurtimiz Abdumalik Abdusalimovning borligi sovrinli o‘rinlarga da’vogarlikdan umidimiz so‘nmaganligini anglatadi.

Abdumalik 2,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, hozirda 18-o‘rinni egallab turibdi. 2 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan Nodirbek Yoqubboyev 31, Ortiq Nigmatov 32, Shamsiddin Vohidov 34, Olmas Rahmatullayev 38, Muhiddin Madaminov 46-pog‘onada borayotgan vaziyatda 1,5 ochkoga ega Nodirbek Abdusattorov 57-o‘rinda bormoqda.

Mukofot jamg‘armasi 94 250 AQSH dollaridan iborat turnir 12 dekabrga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA