Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiyani keltirib chiqaradigan omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirib kelinmoqda.

Korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadigan, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini va qonun ustuvorligini zaiflashtiradigan, oxir oqibatda inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladigan illatdir. Davlatimiz rahbari 2023 yil 19 dekabrda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni topshirish marosimidagi nutqida korrupsiya illati to‘g‘risida to‘xtalib, “Bashariyat tarixiga nazar solsak, korrupsiya illati hatto eng qudratli va eng kuchli davlatlarni ham jar yoqasiga olib kelganiga va to‘liq parokanda qilganiga guvoh bo‘lamiz. Korrupsiya butun insoniyatga, barcha jamiyatlar asosiga, iqtisodiy taraqqiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan, demokratik institutlar rivojiga to‘sqinlik qiladigan xatarli tahdiddir va u barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi rejalarimizga ham jiddiy putur yetkazadi”, deya ta’kidlagandi.

O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligida o‘tgan “Ochiq eshiklar kuni” davomidagi tadbirda shu haqda so‘z bordi.

Vazirlikning tegishli bo‘lim va boshqarma boshliqlari, mutaxassislar, sport ta’lim muassasalari va keng jamoatchilik vakillari, jurnalistlar ishtirok etgan tadbirda ta’kidlanganidek, barcha sohalarda bo‘lgani kabi jismoniy tarbiya va sport tizimida ham korrupsiyaga qarshi kurashish, uning profilaktikasi borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlari va “yo‘l xaritalari” asosida Sport vazirligida aniq manzilli dasturlar ishlab chiqilib, belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi ta’minlanmoqda.

Birgina manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish borasida 432 nafar xodim, shundan 75 nafar markaziy apparat xodimlari, 357 nafar hududiy boshqarma xodimlari tomonidan deklaratsiyalar to‘ldirilgani, korrupsiyaga qarshi kurashishga oid talab va normalarning buzilishi masalalari bo‘yicha 3 ta, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning taqdimnomasiga asosan 3 ta xizmat tekshiruvi va 1 ta tizim tashkilotida o‘rganish tadbirlari o‘tkazildi.

Tizim tashkilotlari va sport ta’limi muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilishda inson omilini qisqartirish choralari ko‘rilayotgani, davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi, bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar ochiq ma’lumotlar sifatida vazirlikning tegishli tarmoqlarga joylashtirib borilayotgani, sportchi va murabbiylarning natija va ko‘rsatkichlari “ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimiga qo‘yilayotgani, 24 ta yo‘nalish bo‘yicha xizmatlar bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilayotgani sohada shaffoflikni ta’minlash asnosida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgani aytib o‘tildi.

Yana bir gap. O‘tgan 2023 yil yakunlariga ko‘ra, Ochiqlik indeksida Sport vazirligi 47 ball bilan “qizil” toifaga kiritilgandi.

Shundan so‘ng Sport vazirligining ochiqligini ta’minlash yo‘nalishidagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni rasmiy veb-saytga joylashtirish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Natijada Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan joriy yilning 1 avgust holatida Sport vazirligi ochiq ma’lumotlarni e’lon qilish indeksida yuqori samaradorlik (97 %) ko‘rsatgani e’tirof etildi.

“Ochiq eshiklar kuni” tadbiri davomida tegishli mutasaddilar, bo‘lim mutaxassislari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA