Tailandning Chiangmay shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining oltinchi kungi bellashuvlarida besh nafar charm qo‘lqop ustamiz yarim final yo‘llanmasi uchun jang qildi.
Dastlab, musobaqaning 57 kilogrammgacha vazn toifasida Mirazizbek Mirzaxalilov ringga chiqdi va Tojikiston vakili Xusravxon Rahimovni taslim qildi. Natijada, bokschimiz filippinlik Klark Bautista bilan yarim finalda jang qiladigan bo‘ldi.
-80 kg. vaznli bokschimiz To‘rabek Habibullayev esa chorak finalda afg‘onistonlik Ahmad Samir Davrahini yengib, yarim finalda Qozog‘iston vakili Yerasil Jekpekovga qarshi bahs olib borish huquqini qo‘lga kiritdi. Har ikkala jang ham 8 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Ayollar o‘rtasida -52 kg. vazn toifasidagi bellashuvlarda Feruza Kazakova 1/4 final bosqichida mo‘g‘ulistonlik Mungunsara Balsanni yengdi. Endi u 7 dekabr kuni yarim finalda qozog‘istonlik Jazira O‘rakbayevaga qarshi ringga ko‘tariladi.
Vazni -57 kg. bo‘lgan Nigina O‘ktamova esa yarim final yo‘llanmasi uchun o‘tgan bahsda tojikistonlik Mijgona Samadova ustidan zafar quchdi. Uning raqibi birozdan so‘ng aniqlanadi.
Afsuski, vazni -60 kg. bo‘lgan yana bir bokschimiz Sitora Turdibekova chorak final bosqichida xitoylik Kiange Liga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA