Joriy yil 5 dekabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida tashkiliy masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov olib bordi.

Tadbirda so‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’limni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, zamonaviy bilim hamda ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, kreativ fikrlaydigan, axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni teran o‘zlashtirgan kadrlarni tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning natijalari, kelgusi vazifalar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli buyrug‘i asosida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori lavozimiga Kuvondik Ayitbayevich Kadirov tayinlanganligi ta’kidlandi.

Kuvondik Kadirov shu kungacha institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori hamda institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining buyrug‘i bilan institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori lavozimiga tayinlangan Muxtar Mamutovich Ibragimov jamoaga tanishtirildi.

Muxtar Ibragimov faoliyati davomida Qoraqalpoq davlat universitetida o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimida, shuningdek, 2019-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi a’zosi sifatida faoliyat yuritgan.

Tadbirda xalqaro standartlar asosida kadrlar tayyorlash, xalqaro hamkorlikning samaradorligini va ta’lim sifatini oshirish, shuningdek, bakalavr ta’lim yo‘nalishlarini tegishli tartibda xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri