BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrik aytishicha, tashkilotning Suriyadagi maxsus elchisi Geyr Otto Pedersen arab davlatidagi vaziyat yuzasidan Eron, AQSH, Rossiya, Turkiya kabi davlatlar bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Dyujarrik jurnalistlarga Pedersenning Suriyadagi turli partiyalar, shuningdek muhim xalqaro tuzilmalar bilan uchrashuvlari haqida ham gapirib bergan.

Ma’lum bo‘lishicha, Elchi Jenevada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha maxsus yig‘ilish doirasida Rossiya, Turkiya va AQSH vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgani, kecha tunda esa Eron tashqi ishlar vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha katta maslahatchisi Ali Asg‘ar Hoji hamda Suriya TIV rahbari Bassam Al-Saboh bilan ham telefon orqali gaplashgan.

Bundan tashqari Pedersen tez orada Dohaga boradi. Uning barchaga murojaati Suriyadagi keskinlikni susaytirish, oddiy aholini himoya qilish va qon to‘kilishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

BMT Xavfsizlik Kengashi Suriya bo‘yicha favqulodda yig‘ilish o‘tkazgandan bir kun o‘tib, Maxsus elchi ushbu arab mamlakatidagi vaziyat yomonlashgani xususida ma’lumot berib, Ostona kelishuvining kafil davlatlari va Qo‘shma Shtatlar XKning 2254-rezolyutsiyasiga muvofiq vaziyatni yaxshilish uchun harakat qilishi kerakligini ta’kidladi.

Damashq, Rossiya, Xitoy va Jazoir talabiga ko‘ra, Kengash Suriya shimoli-g‘arbida terrorchi guruhlar hujumlari avj olgani sababli mamlakat armiyasini bosqinchilar qo‘lga kiritgan hududlarni qaytarib olish uchun qarshi hujumga o‘tishga chaqirdi.