Bahrayn poytaxti Manama shahrida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF)ning o‘tkazilgan navbatdagi kongressida 2024 yili Los-Anjelesda o‘tkaziladigan navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun vazn toifalari belgilab olindi.
O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari, mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov ishtirok etgan kongressda 2028 yilda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarida og‘ir atletikachilar 16 ta vazn toifasida kurash olib borishi tasdiqlandi. Shundan 8 tasi ayollar va 8 tasi erkaklar vazn toifasi.
Qayd etish lozimki, yangi Olimpiya sikli uchun tanlangan vaznlar, ayniqsa, “Los-Anjeles-2028” uchun belgilangan -88, -99 hamda -110 kilogramm vazn toifalari mamlakatimiz sportchilari uchun qulay ekanligi e’tiborlidir.
Aytish lozim, bugungacha jahon va qit’a chempionatlarida, Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida vazn tashlash hisobiga qatnashib kelgan Akbar Jo‘rayev, Ruslan Nurudinov, Muhammadqodir Toshtemirov kabi sportchilarimiz uchun vazn toifasidagi o‘zgarishlar kelgusi musobaqalarda natijadorlikka erishishiga yo‘l ochishi bilan qadrli bo‘lishi tayin.
Kongress davomida Parijda o‘tkazilgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan 120 nafar og‘ir atletikachidan olingan doping sinamalarning birortasida ham taqiqlangan moddalar aniqlanmagani aytib o‘tildi.
Ta’kidlash kerakki, bundan avval Tokioda o‘tgan Olimpiadada ham og‘ir atletika sportchilarida hech qanday qoida buzilishlar aniqlanmagandi.
Ketma-ket ikkita yirik musobaqada bunday ijobiy o‘zgarishga erishilgani xalqaro sport hamjamiyati hamda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan alohida e’tirof etildi. Bu, kelajakda og‘ir atletika sport turi Olimpiya o‘yinlari dasturidan mustahkam joy olishiga hamda kvotalar sonining oshirilishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli sanaladi.
Anjumanda og‘ir atletika bo‘yicha xalqaro musobaqalarda faoliyat yuritadigan murabbiylar uchun xalqaro sertifikat joriy etilishi ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, har bir qit’ada og‘ir atletika akademiyalari tashkil etiladi va xalqaro sertifikatni olish istagida bo‘lgan murabbiylar aynan ushbu akademiyalarda xalqaro sertifikatga ega bo‘lishlari mumkin bo‘ladi.
Xalqaro og‘ir atletika akademiyalari Osiyo qit’asi uchun Xitoyda, Yevropa qit’asi uchun Ozarbayjonda, Okeaniya mintaqasi uchun Fijida, Amerika qit’asi uchun Kubada va Afrika qit’asi uchun Misrda tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Kongress jarayonida O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari, mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov bir qator mamlakatlarning sport mutasaddilari, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi a’zolari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, mamlakatimizda tashkil etilishi kutilayotgan nufuzli musobaqalarning texnik-taktik jihatlari, qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish kabi masalalarda fikrlashdi. Manfaatli kelishuvlarga erishildi.
Eslatib o‘tamiz, ertaga 6 dekabrdan Manama shahrida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi navbatdagi jahon chempionati bahslari boshlanadi. 15 dekabrga qadar davom etadigan chempionatda O‘zbekiston terma jamoasining 6 nafar a’zosi Vatanimiz sharafini himoya qiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA