Toshkentda kadetlar o‘rtasida qilichbozlikning shpaga, sablya, rapira turlari bo‘yicha o‘tayotgan Osiyo kubogining yakkalik musobaqalarida ilk sovrindorlar nomi aniq bo‘ldi.
Yakkalik bahslarining birinchi kunida 104 nafar yosh qilichboz ishtirok etdi. Unda shpaga yo‘nalishida hamyurtimiz Ozodbek Zaynobiddinov oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Xitoy Taypeyi vakili Ruyey Kuan Liang kumush, qozog‘istonlik Berik Orinbassar va hamyurtimiz Asilbek Ibodullayev bronza medali bilan taqdirlandi.
Rapira bellashuvlarida Isra Al Siyabi (O‘mon), Alua Mukanova (Qozog‘iston), Sabina Adashaliyeva hamda Ziyodaxon Murodova (O‘zbekiston) shohsupaga ko‘tarildi.
Sablya yo‘nalishidagi o‘g‘il bolalar bahsida ikki yurtdoshimiz Artur Bekjanov va Saidibrohim Alimov oltin hamda kumush medaliga ega chiqdi. Ushbu yo‘nalishdagi bronza medallari qozog‘istonlik Kanagat Sherim va Zair Alimjonovga nasib etdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA