Joriy yilning 26-31 dekabr kunlari AQSHning Ny-York shahrida shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati bahslari bo‘lib o‘tadi.

Kuni kecha Xalqaro shaxmat federatsiyasi yilning eng muhim shaxmat bahslarida ishtirok etadigan ishtirokchilar ro‘yxatini e’lon qildi.

E’tiborli jihati, dunyoning eng kuchli 300 nafarga yaqin grossmeysteri chempionlik uchun kurash olib boradigan musobaqada mamlakatimizning 6 nafar shaxmatchisi – Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov, Jahongir Vohidov, Muhiddin Madaminov va ayollar o‘rtasidagi bahslarda Afruza Hamdamova ishtirok etishi qayd etildi.

FIDE tomonidan keltirilgan ro‘yxatga nazar tashlasak, erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarda 180 nafar, ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda 109 nafar shaxmatchi qayd etilgan. Ular orasida o‘tgan yilgi jahon chempionatida rapid va blits yo‘nalishida g‘oliblikka erishgan jahonning eng yuqori reytingli o‘yinchisi va klassik shaxmat bo‘yicha sobiq jahon chempioni Magnus Karlsen ham bor. Shuningdek, jahon chempionligi uchun Fabiano Karuana, Yan Nepomnyashiy, Hikaru Nakamura, Uesli So, Levon Aronyan, Arjun Erigaysi kabi mahorat egalari dona suradi.

Ayollar o‘rtasidagi chempionlik janglarida klassik shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Ju Venjun, sobiq jahon chempionlari Tan Chjunji, Mariya Muzichuk, Aleksandra Kostenyuk, Chju Chen qatorida qozog‘istonlik Bibisora Asaubayeva, gruziyalik Nana Dzagnidze, amerikalik Irina Krush, hamyurtimiz, yoshlar o‘rtasidagi jahon chempioni Afruza Hamdamova kabi mahorat egalari qatnashchilar ro‘yxatida keltirilgani yilning eng so‘nggi shaxmat bahslariga qiziqishni yanada oshirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil hamyurtimiz Polsha poytaxti Varshavada o‘tgan jahon chempionatida Nodirbek Abdusattorov 17 yoshida dunyoning eng kuchli shaxmatchilarini mag‘lub etib, rapid yo‘nalishida jahon chempionligiga erishgan edi.

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA