“Qatar Masters-2024”: Abdusattorov va Yoqubboyevda mag‘lubiyat, Vohidov va Hamdamovada g‘alaba
Kecha Qatar poytaxti Doha shahrida shaxmat bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 94 ming 250 AQSH dollaridan iborat “Qatar Masters-2024” turnirining “A” va “V” guruhlarida ilk tur bahslari bo‘lib o‘tdi. Turnirning har ikki guruhida umumiy hisobda 278 nafar shaxmatchi qatnashmoqda: “A” guruhida – 138 nafar, “V” guruhida – 140 nafar. O‘zbekistonlik shaxmatchilarning 37 nafari Qatar bahslarida ishtirok etayotgan bo‘lsa, “A” guruhida 15 nafar, “V” guruhida 22 nafar yosh shaxmatchilarimiz dona surmoqda.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi reytingida 2300 reyting ochkosidan yuqori shaxmatchilar ishtirok etayotgan “A” guruhining ortda qolgan dastlabki turida Shamsiddin Vohidov va Afruza Hamdamova g‘oliblikka erishgan bo‘lsa, Ortiq Nigmatov, Bahrom Baxrullayev, Abdumalik Abdusalimov, Muhiddin Madaminov, Saidakbar Saidaliyev, Muhammadzohid Suyarov, Humoyun Begmuratov, Almas Rahmatullayev durangga erishdi.

“Qatar Masters-2024” turnirida ikkinchi raqam ostida tasniflangan hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov dastlabki turda oq donalarda o‘ynashiga qaramay, reytingda o‘zidan ancha quyida borayotgan eronlik Reza Mahdaviga yutqazib qo‘ydi. Nodirbek Yoqubboyev ham ilk turda hindistonlik Amit Moksh Doshiga taslim bo‘ldi. Iste’dodli grossmeysterimiz Shamsiddin Vohidov 1-turda qora donalarda vetnamlik Le Pam Nguyen bilan kurash olib borib, Dohaga katta niyatlarda kelganligini amalda isbotladi. Yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Afruza Hamdamova ushbu turda qora donalarda harakat qilgan vaziyatda italiyalik grossmeyster Lorenso Lodikini mag‘lub eta oldi.
O‘tgan hafta Toshkentda o‘tgan “Prezident kubogi-2024” turnirida o‘z mahoratini ko‘rsatgan Ortiq Nigmatov Doha turnirining 1-turida qora donalarda hindistonlik Krishtiano Manish bilan durangga erishdi.

Bugun, 4 dekabr kuni “Qatar Masters-2024” turnirining 2-turida Shamsiddin Vohidov hindistonlik Gutam Krishna bilan, Afruza Hamdamova FIDE bayrog‘i ostida musobaqada qatnashayotgan Vladislav Artmev bilan kuch sinashadi. O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov ushbu turda qora donalarda Birlashgan Arab Amirliklari vakili Omran al Xasani qarshiligini yengishga bel bog‘laydi. Nodirbek Yoqubboyev bo‘lsa, oq donalarda Shotlandiya sharafini himoya qilayotgan Murod Abdulla bilan ro‘baro‘ keladi. Birinchi turdan so‘ng turnir jadvalini Nodirbek Abdusattorovdan shov-shuvli tarzda ochko tortib olgan Reza Mahdavi qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, boshqarib turibdi. 2-pog‘onada esa Yoqubboyevni yenggan Amit Moksh bormoqda.
9 ta turdan iborat “Qatar Masters-2024” o‘yinlari 12 dekabrga qadar davomi etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA