Xabaringiz bor, futbol bo‘yicha Osiyo qit’asi uchun Jahon chempionatining 3-saralash bosqichi 5-turida O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Roma” futbol klubi hujumchisi Eldor Shomurodov Qatar terma jamoasiga qarshi o‘yinda jarohat olgan edi.

Eldor Shomurodov o‘sha o‘yinda chap oyog‘ining son mushaklarida kuchli og‘riq his qilgan va shifokorlar bir necha marotaba tibbiy yordam ko‘rsatganiga qaramay, bo‘lim o‘rtalarida o‘yinni tark etishga majbur bo‘lgandi. Jarohatdan keyin terma jamoa rahbariyati E.Shomurodovni Rimga qaytarib yubordi va “Roma” klubi legionerimizni chuqurlashtirilgan tekshiruvdan o‘tkazib, mushaklarida jarohat borligini tasdiqladi va davo choralarini ko‘rdi.

Bugungi kunga kelib, 29 yoshli futbolchimiz jarohatlardan butkul forig‘ bo‘ldi va klubning umumiy guruh mashg‘ulotlariga qo‘shildi. Umid qilamizki, Eldor Shomurodov tez orada o‘zining eng yuqori holatiga chiqib oladi va yorqin o‘yin namoyish etadi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA