Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini butunlay taqiqlovchi qonun qabul qilindi. Hujjat bunday taqiq bo‘yicha dunyodagi eng qat’iy talablardan biri ekani ta’kidlanmoqda.

Ta’kidlanishicha, qabul qilingan qonun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha dunyodagi eng qat’iy talablardan biridir. So‘rovlarda aholining 77 foizi bu qonunni qo‘llab-quvvatladi.

Foydalanuvchilarning yoshi qanday aniqlanishiga oydinlik kiritilmagan. Buni 2025 yil o‘rtalarida o‘tkaziladigan sinov davrida tushuntirish rejalashtirilgan. Qonun bir yildan keyin kuchga kiradi.

Hujjatda gap qanday ijtimoiy tarmoqlar haqida borayotganiga ham aniqlik kiritilmagan. Avstraliya aloqa vaziri Mishel Roulendning ta’kidlashicha, TikTok, Instagram, X (sobiq Twitter), Facebook, Reddit, Snapchat taqiqlangan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, taqiq YouTube`ga ta’sir qilmaydi, chunki uning “muhim” bo‘lgan ta’limiy maqsadi bor, deya aniqlik kiritdi vazir.

Texnologik gigantlar qonunga rioya qilmasa, 49,5 million Avstraliya dollari miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.

Qonun tanqidchilari, jumladan, olimlar, siyosatchilar va inson huquqlari tashkilotlari bunday taqiqlash teskari natijaga olib kelishi, o‘smirlarni darknetdan foydalanishga undashi yoki ularni yanada yakkalanib qolishga majbur qilishini ta’kidlamoqda.

BBC nashrining yozishicha, ekspertlar ham VPN yordamida taqiqni chetlab o‘tish mumkinligini ta’kidlamoqda. Amnesty International inson huquqlari tashkilotining mahalliy bo‘limi qonunga qarshi chiqdi. Uning bayonotida aytilishicha, endi ijtimoiy tarmoq egalari Avstraliyadagi foydalanuvchilardan biometrik ma’lumotlar yoki hujjatlarni yuklab olish orqali o‘z yoshini tasdiqlashni talab qila boshlashlari mumkin, bu esa shaxsiy hayot daxlsizligi huquqining buzilishiga olib kelishi mumkin.

Kutilganidek, mazkur qonunni Google va Shapchat ham tanqid qildi, Meta esa qabul qilingan cheklovlar “samarasiz” bo‘lishini va bolalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha e’lon qilingan maqsadga mos kelmasligini aytdi.

Xo‘sh, Siz qanday fikrdasiz? Yurtimizda yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonun qabul qilinishiga ehtiyoj bormikin? O‘z fikr va mulohazalaringizni kommentariyada qoldirishingiz mumkin…

M.Turdaliyeva, U.To‘xtayev  O‘zA