Suriya armiyasi tomonidan Rossiya havo kuchlari yordamida Aleppo, Xama va Idlibdagi qishloqlarda yashirin faoliyat olib borayotgan 320 nafar terrorchi mahv etilgani aytilyapti.

Shuningdek, mamlakat shimoli va g‘arbidagi mazkur uch hududda noqonuniy tuzilmalar ixtiyorida bo‘lgan 63 zirhli mashina ham portlatilgan.

OAV xabariga ko‘ra, Rossiya qiruvchi samolyotlari qo‘llab-quvvatlagan Suriya armiyasi so‘nggi to‘rt kun ichida “Nusra fronti” (Tahrir ash-Shom)ga aloqador 1300 jangariga nisbatan hujum uyushtirgan. Bundan tashqari ikki davlat harbiy-havo kuchlari yakshanba oqshomida Halob viloyatidagi Al-Hamdaniya stadioni yaqinida terrorchilar qo‘mondonlari va mulozimlari yig‘ilgan joyga havodan zarba bergan. Natijada o‘nlab jinoiy guruh a’zolari va rahbarlari halok bo‘lgan.

Suriyaning Al-Savra axborot agentligi yozishicha, bir guruh terrorchilar Xama shimoli-sharqida joylashgan Az-Zag‘ba qishlog‘ida mahalliy aholi pistirmasiga tushgan. Ular odam yashamaydi, deb o‘ylab, qishloqqa kirishgan va tuzoqqa ilingan. Jangarilarning hammasi o‘ldirilgan, mashina va jihozlar musodara qilingan.

Kecha Suriya armiyasi shtabi boshlig‘i Abdul Karim Mahmud Ibrohim Prezident Bashar Asad topshirig‘iga binoan, Xama viloyatining terrorchilardan tozalangan shimoliy hududlariga borgan.