Vetnam bilan hamkorlik

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov Vetnamning “FPT Corporation” kompaniyasi prezidenti Tran Dang Xoa boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalarni raqamlashtirishga va bu ishlarga yoshlarni keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Uchrashuv davomida AKT sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, investitsiya kiritish, ilg‘or bilimlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, mutaxassislar tayyorlash masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

“Adliya sayili” o‘tkazildi  

Kegeyli tumanida “Adliya sayili” huquqiy aksiyasi tashkil etildi.

Aksiya doirasida sud, huquq masalalari bo‘yicha sayyor qabullar o‘tkazilib, bunda fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarga bepul huquqiy tushunchalar hamda yuridik xizmatlar ko‘rsatildi. Shuningdek, ishtirokchilarga tegishli muassasa va tashkilotlar bilan birgalikda kuz-qish mavsumida yong‘in va avariya holatlariga qarshi kurashish hamda bunday vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan keng tushuntirishlar berildi.

Shu kuni tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi bilan hamkorlikda bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

“Kasbim-faxrim” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi  

To‘rtko‘l tumani 1-sonli kasb-hunar maktabida “Kasbim-faxrim” mavzusida ko‘rik-tanlov bo‘lib o‘tdi.

Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, kasb-hunarga jalb qilish hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil qilingan ushbu ko‘rik-tanlovda To‘rtko‘l tumani 1- va 2-sonli kasb-hunar maktablari hamda Ellikqal’a tumani kasb-hunar maktabi yoshlaridan iborat jamoalar  o‘zaro bellashdi.

Ko‘rik-tanlov yakunida birinchi o‘rinni 1-sonli kasb-hunar maktabi yoshlari, ikkinchi o‘rinni 2-sonli kasb-hunar maktabi va uchinchi o‘rinni Ellikqal’a kasb-hunar maktabi jamoasi egalladi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alar hamda faxriy yorliqlar  bilan taqdirlandi.

Avtomashina jarima maydonchasiga qo‘yildi  

Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi qidiruv sho‘’basi va Ichki ishlar vazirligi jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi  boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda qarzdorlik yuzasidan qidiruvda turgan avtotransport vositalarini topish bo‘yicha reyd tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Mana shunday tadbirlarning birida jami 128 marotaba yo‘l harakati qoidalarini buzgan shaxsning boshqaruvidagi “COBALT” rusumli avtotransport vositasi joriy yilning 25 noyabr kuni topilib, avtomashina tegishli tartibda jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Aniqlanishicha, fuqaro J.U. “COBALT” rusumli avtomashinani boshqarib, 2023 yil va joriy yilning o‘tgan davri davomida yo‘l harakati qoidalarini buzganligi sababli Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari tomonidan jami unga nisbatan 82,6 million so‘mlik 128 ta ma’muriy jarima qo‘llanilgan.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri