O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi fotomuxbiri Almurod Mamadaminovning O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlangan “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “SPORT! va yana SPORT haqida!” deb nomlangan IV shaxsiy fotoko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi X.Salimov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Fotoaxborot tahririyati bosh muharriri Sh.Toirov va boshqalar so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborga, shu bilan birga mazkur ko‘rgazmaning ahamiyatiga to‘xtaldi.
Almurod Mamadaminov (Muhammad AMIN) 1958 yili 15 sentyabrda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni tamomlagan.
U mehnat faoliyatini 1983 yili Toshkent davlat universitetining “Toshkent universiteti” gazetasida texnik redaktor sifatida boshlagan. Shundan so‘ng, hozirgi “Yoshlar ovozi” gazetasida muxbir, katta muxbir, mas’ul kotib o‘rinbosari, bo‘lim mudiri, “O‘zbekiston ovozi” gazetasida fotomuxbir lavozimlarida ishladi. 1996 yildan hozirgi kunga qadar O‘zbekiston Milliy axborot agentligida fotomuxbir lavozimida faoliyat yuritmoqda.
A.Mamadaminov fotomuxbir sifatida mamlakatimizda va xorijda o‘tkaziladigan turli nufuzli anjumanlar, festivallar, sport musobaqalari, ko‘rgazmalardan fotoreportajlar, fotolavhalar tayyorlab, respublikamiz ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishida munosib hissasini qo‘shib kelayotgan zabardast ijodkorlardan.
U faoliyati davomida yuzlab shogirdlar tayyorladi. Hozirda ular respublika ommaviy axborot vositalarida fotomuxbir sifatida yorqin faoliyat olib bormoqdalar. Uning fotolarining bosh mavzusi – xalqimizning boy tarixi, madaniyati, milliy qadriyatlari, odamlarning mard-tantiligi, mehmondo‘stligi, mehnatsevarligi, o‘z ezgu maqsadi yo‘lida tinmay harakat qilishi, yuksak natijalarga erishgan yoshlarimizning g‘alaba nashidasi, quvonchi, xalqimizning olijanob fazilatlari, zamonamiz qahramonlarining o‘tmishi, buguni, turmushi, his-tuyg‘ulari, orzu-intilishlaridir.
Ijodkorning ijod namunalari respublika miqyosida, hukumat doirasidagi nashrlarda, fotoalbomlarda, mustaqilligimiz, tinchlik-osoyishtaligimiz, xalqimizning baxtiyor va farovon hayoti, bunyodkorlik va yaratuvchanlik salohiyati, yoshlarimizning shijoatini aks ettiruvchi plakatlardan keng joy olgan. U 2018 yili sport mavzusidagi “Tezroq, balandroq, kuchliroq” nomli shaxsiy fotoko‘rgazmasini keng ommaga tavsiya etdi. 2019 yili O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan “Sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. 2021 yili Turizm va sport vazirligining “Eng faol sport fotomuxbiri” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
U faoliyati davomida London va Tokioda o‘tkazilgan yozgi olimpiya o‘yinlarida davlatimiz delegatsiyasi tarkibida ishtirok etib, sportchilarimizning g‘alabali onlarini onlayn tarzda yorita oldi. Shuningdek, Turkiyada o‘tkazilgan “Islom birdamlik o‘yinlarida”, Xanchjau(Xitoy)da bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida fotomuxbir sifatida qatnashib, sportchilarimizning g‘alabali onlarni fotoob’ektiviga muhrladi.
2022 yili Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan e’lon qilingan Prezident farmoniga asosan, “Sodiq xizmatlari uchun” medali, Nuroniy jamg‘armasi tomonidan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA