Toshkentda “Azot sintezgaz: O‘zbekiston va MDH” 3-xalqaro kongressi va ko‘rgazmasi tashkil etildi.

O‘zbekiston va MDH mamlakatlaridagi yirik sintez-gazni qayta ishlash korxonalari, davlat boshqaruv organlari, ishlab chiqarish texnologiyalari litsenziyalari, uskuna ishlab chiqaruvchilar, injiniring hamda loyiha-qurilish kompaniyalari vakillari qatnashgan mazkur nufuzli tadbirda mavzu doirasidagi masalalar keng muhokama qilindi.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqan “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Korjikov, Chirchiq kimyo-industrial texnoparkining Rezidentlar bilan ishlash departamenti boshlig‘i Timur Boltaboyev va boshqalar mamlakatimizda kimyo sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar, tatbiq etilayotgan loyihalar va bu boradagi xalqaro hamkorliklar o‘zining amaliy natijasini berayotganini qayd etdi.

Ahamiyatlisi, kongressda 10 dan ortiq investitsiya loyihasi namoyish etildi. Bu, o‘z navbatida, ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, O‘zbekiston va MDH mamlakatlarida sintez-gazni qayta ishlash sanoatidagi zamonaviy yechimlar, sohadagi yetakchi korxonalarning texnologik yutuqlari, yangi texnologiyalar hamda uskunalar bo‘yicha bozor holati tahliliga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, bunda metanol va ammiak ishlab chiqarishdagi muammolar, ularni samarali qo‘llashning afzalliklari, shuningdek, sanoat korxonalari qurilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan loyihalar nihoyatda ahamiyatlidir.

Ishtirokchilar ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalari, shuningdek, azot, metanol, ammiak va mineral o‘g‘itlar (azot, kaliy, fosfor, kompleks) ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish imkoniyatlari yuzasidan hamfikr almashdi.

Tadbirda qayd etilganidek, mazkur tadbir sanoatdagi innovatsiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish va kelgusida hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA