Munosabat

Mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, parlament quyi palatasiga saylangan deputatlarning 11 nafarini 35 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Shuningdek, ilk bor Yoshlar parlamentining 2 nafar vakili Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi tashkiliy yig‘ilishidagi nutqida bu haqda alohida to‘xtaldi.

Yangi saylangan deputatlar Prezidentimiz nutqi va unda belgilab berilgan vazifalar yuzasidan o‘z munosabatini bildirmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Joldasova quyidagilarni qayd etdi:

— So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, so‘nggi 7 yil ichida yoshlarga oid 100 dan ziyod qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Bundan tashqari, bugungi kunda innovatsiya va ilm-fan sohalariga Davlat byudjetidan ajratilayotgan yillik mablag‘lar hajmi 1,5 trillion so‘mni tashkil etmoqda.

Umuman olganda, yoshlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi, bandligi masalasi, o‘z hayotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, jamiyatdan munosib o‘rin egallashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Bu bejizga emas. Mamlakatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 20 milliondan ortiq bo‘lib, jami aholining 53 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi. Bu kabi ko‘rsatkich har qanday rivojlangan va rivojlanayotgan davlat kelajagi uchun investitsiya hisoblanadi.

Shuning uchun yig‘ilishda ham davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarning parlamentdagi roli to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tildi. 2020 yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan Oliy Majlisning ikkala palatasi huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etildi. Va bugun ikkala palata huzuridagi birinchi chaqiriq Yoshlar parlamenti raislarining xalq ishonchini oqlab, Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgani davlatimiz rahbari siyosatining mevasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bugungi kunda Yoshlar parlamenti chinakam yoshlar va parlament o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajarmoqda. Xususan, 5 yil ichida Yoshlar parlamenti 100 dan ortiq qonun muhokamalarida hamda parlament qo‘mitalari bilan hamkorlikda 80 dan ortiq nazorat-tahlil faoliyatida ishtirok etdi. Ular nafaqat parlamentda qabul qilinayotgan qonunlarda yoshlar manfaatlari ta’minlanganining kafolati, balki yoshlarni qiynayotgan masalalar parlament minbarlarida eshitilishi garovidir.

Muhtarama Komilova yozib oldi.

O‘zA