Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Alirizayev va ishchi guruhi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Energetika xavfsizligi” oyligini o‘tkazish hamda kuz-qish mavsumiga to‘liq shay holatga keltirish borasidagi ishlar o‘rganilmoqda.
Ishchi guruh tomonidan “mahallabay” tartibda har bir manzilning kuz-qish mavsumiga tayyorligi hamda respublika darajasida hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar “audit” tartibida o‘rganilib, zudlik bilan joyning o‘zida bartaraf etilmoqda. Xususan, ishchi guruh Qo‘ng‘irot tumanida bo‘lib, “Aqsholaq magistral gaz quvurlari” boshqarmasida hamda yangidan qurilayotgan Turkmaniston Respublikasidan o‘tayotgan gaz miqdorini o‘lchash punktida yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish, mavsumga tayyorgarligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Shuningdek, Qo‘ng‘irot tumani 31-sonli umumta’lim maktabi, 70-sonli oilaviy poliklinika va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi ko‘zdan kechirilib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Vakillar bundan tashqari, yakka tartibdagi tadbirkor Aljanov Timurga tegishli “Qirqqiz market” savdo do‘konida bo‘lib, mahsulotlarning narx-navolari bilan tanishdi.
Ishchi guruhi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida amaliy yordam ko‘rsatish va muammolarni joyida bartaraf etish ishlari davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri