Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Axborot xizmati rahbari Shuhrat Oripov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 12 avgust kuni qabul qilingan “Faktoring xizmatlari bozorini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi va mazkur bank tomonidan ko‘rsatilayotgan faktoring xizmatlari haqida jamoatchilikka axborot berildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur muhim hujjat bilan moliyaviy xizmatlar bozorida mutlaqo yangi institut joriy etildi va mamlakatimizda faktoring xizmatlarini jadal rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi.
Brifingda faktoring pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalashtirish xizmati ekanligi, faktor-agent “moliyaviy vositachi” hisoblanishi bildirildi.
Faktoring xizmatining qulayligi shundaki, yetkazib beruvchi tadbirkor uchun garov ta’minoti talab qilinmaydi. Tadbirkorlarning aylanma mablag‘lari uzluksizligi, va eng muhimi ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksizligi ta’minlanadi.
Brifingda “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan tadbirkorlik sub’ektlariga “Regular factoring” va “Reverse factoring” xizmatlari taklif etilayotgani va ularning shartlari ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, hozirga qadar bank tomonidan jami 24 ta mijozlarga 23 mlrd so‘mdan ortiq faktoring mablag‘lari ajratib berilgan.
O‘zA