O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti 2024 yilning III choragi uchun real samarali almashuv kursi (REER) indeksi bo‘yicha hisob-kitoblarni e’lon qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, indeks 10 ta asosiy savdo hamkoridan tashkil topgan kichik guruh va 20 ta asosiy savdo hamkoridan iborat katta guruh bo‘yicha hisoblandi. Kichik guruhning ulushi 70 foizni, katta guruhning ulushi esa 83 foizni tashkil etdi. 2024 yilning aprel-iyun oylarida REER indeksi kichik guruh bo‘yicha 106,4, katta guruh bo‘yicha esa 105,2 bo‘lgan. Iyul-sentyabr oylarida esa bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 106,1 foiz va 104,9 foizga tushdi.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, REER indeksi pasayishining asosiy sabablari sifatida o‘zbek so‘mining ayrim savdo hamkorlari valyutalariga nisbatan qadrsizlanishi bilan bog‘liq. Jumladan, Rossiya rubliga nisbatan 0,86 foizga, Xitoy yuaniga nisbatan esa 1,0 foizga qadrsizlanish qayd etilgan. Shuningdek, Turkiyadagi yuqori inflyatsiya darajasi ham REER indeksi pasayishiga ta’sir ko‘rsatgan.

REER indeksi pasayishi eksport narxlarining raqobatbardoshligini oshirib, import narxlarining ko‘tarilishiga olib keladi. Bu esa tashqi savdo balansida ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin.

2024 yilning III choragida eksport va import hajmlari o‘rtasidagi tafovut sezilarli darajada kamaygan. Umumiy eksport hajmi 6,78 milliard AQSH dollarini, import esa 9,60 milliard dollarni tashkil etgan. Tafovut 2,8 milliard dollar miqdorida bo‘lib, 2023 yilning shu davriga nisbatan 38,4 foizga kamaygan. Oltinsiz eksport hajmi 5,18 milliard dollarga yetgan va import bilan tafovut 24,3 foizga qisqargan.

Ekspertlar kelgusi yil oxirigacha o‘zbek so‘mining mo‘’tadil devalvatsiyasi sharoitida REER indeksi barqaror darajada saqlanishini ta’kidlaydi. Bu esa eksport hajmini oshirish va tashqi savdo diversifikatsiyasini rag‘batlantirishga xizmat qilishi mumkin.

MHTI tahlillari tashqi iqtisodiy siyosatda samarali qarorlar qabul qilish uchun muhim ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qiladi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi,  

O‘zA