Prezidentimizning 2022 yil 11 maydagi “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar baholashdan o‘tkazilmoqda.

Qaror ijrosi doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasida o‘rganish o‘tkazdi.

Aksionerlik jamiyatiga yuklatilgan 33 funksiya baholashdan o‘tkazildi. Unga ko‘ra, 11 funksiyada xavf-xatar darajasi – «yuqori», 19 ta funksiyada – «o‘rta», 3 funksiyada – «past» daraja qayd etildi.

Qaysi funksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi «yuqori» baholangan?

Bular jumlasiga tarmoqlardan birgalikda foydalanish va tarmoqqa o‘zaro ulanish, telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etish bo‘yicha uslubiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish, reklama xizmatlarining barcha turlarini ko‘rsatish to‘g‘risida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha reklama agentliklari tomonidan shartnoma majburiyatlarining sifatli bajarilishi, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida kompaniya faoliyatining yoritilishi va ma’lumotlar berilishi ustidan nazoratni amalga oshirish kiradi.

Tashqi iqtisodiy faoliyatda qatnashish, shu jumladan, xorijiy aloqa ma’muriyatlari va operatorlar bilan shartnomalar tuzish, xorijiy davlatlar hududida o‘rnatiladigan va foydalaniladigan telekommunikatsiya qurilmalarini sotib olish yoki ijaraga olish orqali telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish ham shular jumlasiga kirgan.

Bundan tashqari, kompaniya xodimlari va aksiyadorlar talab va ehtiyojlarini qondirish maqsadida dam olish maskanlari, shu jumladan, bolalar oromgohlari, yordamchi xo‘jaliklar, mehmonxona, jismoniy sog‘lomlashtirish, aholiga ommaviy ovqatlanish va maishiy xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, boshqa muassasalarni tashkil etish, profilaktik-davolash, tibbiy-maslahat (konsultativ) muassasalari va ijtimoiy infratuzilmaning boshqa ob’ektlarini tashkil etish, kompaniya tarmoq resurslaridan foydalanuvchi telekommunikatsiya operatorlariga telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun hisoblangan narxlarni belgilash, qurilish, rekonstruksiya va fuqarolik inshootlarini ta’mirlash kabi holatlarda ham korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi «yuqori» baholangan.

Eslatib o‘tamiz, korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori funksiyalari ko‘p bo‘lgan tashkilot «eng korrupsiyalashgan», korrupsiyaviy xavfi yuqori bo‘lgan lavozimdagi shaxslar «korrupsioner» yoki aksincha korrupsiyaviy xavf-xatari asosan «past» bo‘lgan tashkilotlar «korrupsiyadan holi» hisoblanmaydi.

Ushbu holatlar mazkur tashkilotlarda nazorat choralari yetarli yo‘lga qo‘yilganligi yoki aksincha qo‘shimcha nazorat choralari ko‘rilishi kerakligini, shu bilan birga, tashkilot rahbarlari korrupsiyaviy xavfi yuqori bo‘lgan jarayon (funksiya)lar va ularni bajaruvchi lavozimlarni alohida nazoratga olishiga signal beruvchi omil sanaladi.

Hozirda «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha dastur asosida mavjud xavf-xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

N.Abduraimova, O‘zA