Bugungi kunda “Hududgaz Qoraqalpog‘iston” gaz ta’minoti filiali tomonidan aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha hozirgi vaqtda jami 98 ming 762 nafar iste’molchi va 111 ta maktab suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda. Suyultirilgan gazdan foydalanuvchi iste’molchilarga “Ye-gaz” onlayn dasturi asosida ID kartalar berilib, muomalada bo‘lgan maishiy gaz ballon idishlariga maxsus shtrix kodli stikerlar to‘liq biriktirildi. Bu esa butun respublika bo‘ylab suyultirilgan gazni iste’molchi tomonidan qabul qilish va to‘lovni amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflik yaratdi hamda hisob-kitob tizimi avtomatlashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yilgi maxsus qarorida kuz-qish mavsumida olis hududlarga 8 ming 432 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish topshirilgan. Jumladan, “Hududgaz Qoraqalpog‘iston”gaz ta’minoti filialiga qarashli 27 ta avtotransport bilan maxsus suyultirilgan gaz ballonlari olis qishloqlarga o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri