Qozog‘istonning Oqmo‘la viloyatida eski masjidda sodir bo‘lgan portlash oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi, 16 kishi yaralandi.

Xabarlarga ko‘ra, masjidda dafn marosimi o‘tkazilayotgan payt gaz portlashi sodir bo‘lgan.

– Qutqaruvchilar vayronalar ostidan 1983 yilda tug‘ilgan ayol va 2012 yilda tug‘ilgan bolaning jasadini topishdi, lekin afsuski, baxtsiz hodisa oqibatida 1978 yilda tug‘ilgan erkak vafot etdi, -deb xabar bermoqda Oqmo‘la viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Barcha jabrlanganlar tez yordam xodimlari tomonidan Ostona shahar kasalxonasiga yetkazilgan. Voqea joyida 30 ga yaqin qutqaruvchi va beshta maxsus texnika ishlamoqda. Chiqindilarni tozalash ishlari davom etmoqda.

Gaz portlashi sababini aniqlash uchun Oqmo‘la viloyati va Ostona shahri Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining yong‘inga qarshi tadqiqot sinov laboratoriyasi tayinlandi.