FOTOREPORTAJ

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi ko‘rgazmalar saroyida yosh hunarmand Gulzoda Xudoyberganovaning “Meroslar sadosi” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ochilish marosimida san’at ustalari, rassom va hunarmandlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada yosh hunarmandning jami 100 ga yaqin ijodiy ishi namoyish etilmoqda.

Gulzoda Xudoyberganova hozirda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti San’atshunoslik fakultetining Amaliy san’at yo‘nalishida tahsil olmoqda. Bir necha yildan buyon mamlakat miqyosida o‘tkazib kelinayotgan festival, ko‘rgazma va turli tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib keladi.

Hunarmand asosan, milliy suvenir buyumlar yasash bilan shug‘ullanadi. Ushbu buyumlarda qoraqalpoq xalqining urf-odatlari, kiyinish madaniyati, yashash tarzini tasvirlashga e’tibor qaratadi. Shu bois mahsulotlarining bozori chaqqon. Ayniqsa, xorijlik sayyohlar ularni katta qiziqish bilan xarid qiladi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA