Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan “Ayt, sen Ajiniyozning qo‘shiqlaridan” mavzusida xalq qo‘shiqlari ijrochilari respublika tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan tanlovda respublikaning shahar va tumanlaridan 18-35 yosh oralig‘idagi 40 nafarga yaqin iste’dodli xalq qo‘shiqlari ijrochisi ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 16 iyuldagi “Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida Nukus shahrida shoir ijodiga bag‘ishlangan “Ayt, sen Ajiniyozning qo‘shiqlaridan” mavzusida mamlakatimiz yosh ijodkorlarning tanlovini o‘tkazish belgilangan edi. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etilgan tanlovda ishtirokchilar shoir qalamiga mansub bo‘lgan xalq qo‘shiqlaridan jonli ovozda ijro etdi. Ularning chiqishlari tajribali hakamlar tomonidan baholanib borildi.
Tanlov yakunida birinchi o‘rinni Saparbay Shermanov, ikkinchi o‘rinni Islom Mahamadiyarov (Nukus shahri) va Islom Zinatdinov (To‘rtko‘l tumani), uchinchi o‘rinni esa Xayrulla Ayimbetov, Kamol Biysenbayev (Nukus shahri), Rinat Yusupov (Qo‘ng‘irot tumani) egalladi. Shuningdek, Go‘zal Qalimbetova, Nodira Karomatdinova (Qorao‘zak tumani), Azamat Yelmuratov, Abdirahim Temirzakov (Nukus shahri) “Eng yaxshi tanlangan qo‘shiq” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri