Bugun, 14 noyabr kuni futbol bo‘yicha Osiyo qit’asi uchun Jahon chempionatining 3-saralash bosqichi doirasida 5-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Biz uchun ahamiyatlisi, ushbu turda O‘zbekiston milliy terma jamoasi “A” guruhida Qatarga qarshi safarda o‘yin o‘tkazadi. “Jassim bin Hamad” stadionida o‘tadigan uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:15 start oladi.

O‘zbekiston va Qatar terma jamoalari bahsi oldidan OFK tomonidan ishtirokchilarga o‘yinga oid bir qator masalalar, xususan, marketing, tibbiyot va xavfsizlik yo‘nalishlari yuzasidan tushuntirish va eslatmalar berib o‘tildi. Mazkur uchrashuvda futbolchilarimiz to‘liq oq, darvozabonimiz esa yashil libosda harakat qiladi. Qatar esa o‘zining an’anaviy to‘q qizil libosida maydonga tushadi.

Uchrashuvda koreyalik Kim Jong Xeok bosh hakam sifatida ishlaydi. Unga qanotlarda hamyurtlari Park Kyunyong va Jang Jongpil yordam bersa, to‘rtinchi rasmiy hakam etib Chae Sang Xeop tayinlangan. VAR’da esa Kim Heegon  faoliyat yuritadi.

Ma’lumot o‘rnida: Qatar terma jamoasi hozirda FIFA reytingida 46-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston termasi 58-pog‘onada qayd etilgan.

Jahon chempionatining 3-saralash bosqichi doirasida Qatar terma jamoasi o‘tgan to‘rt o‘yinda Qirg‘izistonni 3:1 hisobida yenggan bo‘lsa, safarda KXDR bilan 2:2 o‘ynadi. O‘z maydonida BAAga 1:3, so‘ngra yana safarda Eronga 1:4 hisobida mag‘lub bo‘lgan holda 4 ochko bilan 4-pog‘onadan joy olgan.

Milliy terma jamoamiz esa guruhda dastlab KXDR termasini 1:0, keyin esa  Qirg‘izistonga safar qilib, 3:2 hisobida zafar quchdi. 3-turda Eron bilan 0:0 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, to‘rtinchi turda BAA ustudan Toshkentda 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘zbekiston termasi “A” guruhida 10 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.

Shu tariqa, bugungi uchrashuvda har ikkala terma jamoa uchun g‘alaba o‘ta muhim. Umid qilamizki, terma jamoamiz kutilgan natijani qo‘lga kiritadi.

Shuningdek, jahon chempionati 3-saralash bosqichining beshinchi turida quyidagi o‘yinlar o‘tkaziladi:

“A”: BAA – Qirg‘iziston, KXDR – Eron;

“B”: Iordaniya – Iroq, Quvayt – Janubiy Koreya, O‘mon – Falastin;

“C”: Idoneziya – Yaponiya, Avstraliya – Saudiya Arabistoni, Bahrayn – Xitoy.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA