Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yashil kelajak” umumrespublika marafoni tashkil etildi.

Keng miqyosda o‘tkazilgan ekologik tadbirda O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlaridan 100 dan ziyod oliy ta’lim muassasasi rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, mutaxassis olimlar hamda faol talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, umumrespublika marafoni ishtirokchilariga minnatdorlik bildirdi va Prezidentimizning bevosita tashabbusi bilan Orol dengizining qurigan tubida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.

Ushbu ezgu tashabbus natijasida ikki million gektarga yaqin tuzli qumda yashil o‘rmonzorlar barpo etilganligi, bunday ezgu amallar yanada katta tashkilotchilik bilan davom etayotganligini ta’kidladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov so‘z olib, davlatimiz rahbarining Orolbo‘yi mintaqasining har tomonlama rivojlanishi, mazkur hududda ekologik barqarorlikni ta’minlash borasidagi ishlarning samaradorligini oshirishda ilmiy-amaliy jihatdan asoslangan keng ko‘lamli tadbirlarning ahamiyati katta ekanligiga to‘xtaldi.

So‘ngra “Yashil kelajak” umumrespublika marafoniga start berildi. Ishtirokchilar Nukus shahridagi 8 gektar maydonda yaxshi niyatlar bilan mahalliy iqlim sharoitiga mos ko‘chatlarni ekib, “Ziyolilar bog‘i”ni barpo etdi. Marafonda onlayn teleko‘prik orqali respublika oliy ta’lim muassasalari jamoalari ham ishtirok etib, mazkur aksiyani yuqori tashkilotchilik bilan boshlab yubordi.

Madaniyat va san’at namoyondalari ijrosidagi konsert dasturi marafon ishtirokchilariga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.