Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida akademik Behzod Yo‘ldoshev xotirasiga bag‘ishlangan “Akademik va yoshlar: ilm-fan taraqqiyotini yoshlar yaratadi!” mavzusida akademiklar va yoshlar kongressi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, doktorantlar, ilmiy izlanuvchilar, yosh olimlar, magistrantlar va iqtidorli talabalar ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi – yoshlarni ilm-fan va innovatsiyaga jalb etish, ularda ilmiy qiziqishni oshirish hamda mamlakat kelajagi uchun zarur bo‘lgan yetuk olimlarni yetishtirishdan iborat.
Kongress davomida akademiklar o‘z ilmiy faoliyatining muhim bosqichlari, duch kelgan qiyinchiliklari va ularni yengib o‘tishda qo‘lga kiritgan tajribalarini yoshlar bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, ilm-fan sohasidagi dolzarb muammolar, ilmiy tadqiqotlarda yangi texnologiyalarning ahamiyati, jahon miqyosidagi ilmiy yutuqlar haqida ham so‘z yuritildi.
Mazkur tadbir yoshlar uchun ilm-fan olamiga yo‘l ko‘rsatish, ularni ilmiy izlanishlarga ilhomlantirish va o‘zlari tanlagan yo‘lda dadil qadam tashlashiga yordam berishga qaratilgan. Kongressda ishtirok etayotgan yoshlar uchun bu akademiklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, o‘zlarining kelajakdagi ilmiy faoliyati uchun zarur maslahat va tavsiyalar olish imkoniyatini yaratdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA.