Nukus shahridagi “Yashil bog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida 54-umumta’lim maktabi foydalanishga topshirilgan edi. 400 o‘rinli yangi maktab binosida o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Yoshlarning darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida fan, ijod va sport yo‘nalishidagi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, kurashga ixtisoslashgan sport to‘garagiga 60 nafarga yaqin o‘g‘il-qiz jalb etilgan. Ushbu sport to‘garagining faoliyat boshlaganiga hali ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsada, tarbiyalanuvchilar yaxshi natijalar ko‘rsatmoqda.
– Shogirdlarim orasida iste’dodlilari juda ko‘p, – deydi murabbiy Jamshid To’raboev. – Aygerim Amangeldiyeva, Aro‘jon Joldasboyeva, Nuriya Boltaboyeva va Aydona Joldasboyeva oktyabr oyida Nukus shahrida kurash bo‘yicha 2013-2015 yilda tug‘ilgan o‘smirlar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Kelgusida to‘garagimiz a’zolari bundanda katta natijalarga erishishiga ishonaman.
Maqsad HABIBULLAEV (surat, video), O‘zA