O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan o‘tkazilgan “Eng yaxshi ijtimoiy tashabbus” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlov o‘tkazilishidan asosiy maqsad – davlat idoralari, nodavlat sektor hamda fuqarolarimiz tomonidan ijtimoiy tashabbuslarni dadil ilgari surish hamda amalga oshirilishini yanada faollashtirish, rag‘batlantirishdir.
Ko‘rik-tanlovni tashkil etish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi tomonidan 12 ta hududda yuqori natijalarga erishgan, jamiyat rivoji yo‘lida tashabbus ko‘rsatgan 50 nafar ishtirokchi orasidan 5 ta nominatsiya bo‘yicha I, II, III o‘rinlar aniqlandi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, “Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor tadbirkorlik sub’ekti” nominatsiyasida 1-o‘rinni Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi “Semurg‘” urug‘chilik klasteri, 2-o‘rinni Buxoro viloyati Buxoro shahridagi “Ahmedov Avtogaz Service” mas’uliyati cheklangan jamiyati va 3-o‘rinni Toshkent viloyati Bekobod shahridagi “Xoji-zuhra-ona” oilaviy korxonasi egalladi.
“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor nodavlat notijorat tashkiloti” nominatsiyasida 1-o‘rinni Buxoro viloyati Buxoro tumani “Nogironlar jamiyati”, 2-o‘rinni Jizzax viloyati “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi va 3-o‘rinni Navoiy viloyati “Lider” ayollar va bolalar markazi qo‘lga kiritdi.
“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor davlat boshqaruv organi” nominatsiyasida 1-o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, 2-o‘rinni Samarqand viloyati Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va 3-o‘rinni Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari agentligi Boyovut tumani bo‘limi egalladi.
“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor fuqaro” nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rin Sirdaryo viloyatidan Adhamjon Jo‘rayev, 2-o‘rin Xorazm viloyatidan Ravshanbek Sobirov va 3-o‘rin Namangan viloyatidan Muhammadali Qambarovga nasib etdi.
Bundan tashqari, “Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor hokimlik” nominatsiyasida 1-o‘rinni Samarqand viloyati Ishtixon tumani hokimligi, 2-o‘rinni Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimligi, 3-o‘rinni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar hokimligi egalladi.
Ko‘rik-tanlov g‘oliblari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
N.Abduraimova, O‘zA