Rossiyaning Samara shahrida IBA “Chempionlar oqshomi” musobaqasi tashkil etildi. E’tiborlisi ushbu turnirda uch nafar bokschimiz ringga ko‘tarildi.

Mazkur boks oqshomining birinchi o‘rta vaznida (-69,8 kg) Muhammadjon Raufov rossiyalik Gor Tumanyan bilan raqobatlashdi. Shiddatli o‘tgan ushbu jangda charm qo‘lqop ustamiz o‘zining aniq va kuchli zarbasi evaziga raqibini uchinchi raundda nokautga uchratdi. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, jang aslida to‘rt raund davom etishi lozim edi.

Shuningdek, birinchi og‘ir vaznda (-90 kg) bahsga kirishgan Nusratbek Tohirov mezbonlar vakili Anton Zaysevni, yarim o‘rta vaznda (-67 kg) Havasbek Asadullayev rossiyalik Vadim Musayevni ochkolar hisobiga taslim etdi. Har ikkala jang ham to‘liq 6 raund davom etdi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA