Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) xabariga ko‘ra, Isroil armiyasi ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohilda BMT Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) markazini butunlay vayron qilgan. Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbosning matbuot kotibi Nobil Abu Rudayna voqea haqida shunday dedi:

– Bosqinchilik oqibatida UNRWA bilan aloqa uzilib qoldi, mustamlakachilarning xalqimizga qarshi davom etayotgan hujumi xalqaro qonunlar va rezolyutsiyalarning buzilishi, shuningdek mazkur hujjatlar va oliy darajadagi institutlar faoliyatiga e’tiborsizlikdir. Isroil qochqinlar muammosini bartaraf etish, qaytish huquqini bekor qilish, faoliyatiga to‘sqinlik qilish maqsadida UNRWA tuzilmasini ta’qib qilishda davom etmoqda. Butun dunyo Isroilga qarshi jiddiy va aniq qadamlar tashlashi kerak.

Mulozim bugun tong saharda kuzatilgan Al-Bire shahriga hujum va 20 ga yaqin oddiy aholiga tegishli transport vositalari yoqib yuborilishini qoralab, bunday harakat terrorchi jangarilar jinoyati davom etishi natijasi ekanini ta’kidladi. U xalqaro hamjamiyatni Isroilga bosim o‘tkazish, Falastin xalqiga qarshi qonunbuzarlikni to‘xtatish va yahudiy davlatini imzolangan kelishuvlarga rioya qilishga majburlashga chaqirdi.

Avvalroq Knesset (Isroil parlamenti) mamlakatda UNRWA faoliyatini taqiqlash to‘g‘risida qaror chiqargan edi.

Falastinning WAFA axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Nur Shams qochqinlar qo‘nalg‘asida 1536 o‘quvchi ta’lim olayotgan UNRWA tashkilotiga qarashli ikki maktab va turli yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi sog‘liqni saqlash markazi ham joylashgan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA